WhatsApp foydalanuvchi haqidagi ma’lumotlarni Facebook bilan ulashadi

WhatsApp foydalanuvchi haqidagi ma’lumotlarni Facebook bilan ulashadi

WhatsApp messenjeri 2014 yilda Facebook tomonidan 19 mlrd AQSh dollariga sotib olingandan so‘ng, mutaxassislar bir kun kelib messenjerdan foydalanadigan shaxslarning ma’lumotlari Facebook bilan integratsiyalashini bashorat etishgandi.  Avval WhatsApp asoschisi Yan Kum messenjer foydalanuvchi haqidagi hech qanday ma’lumotlarni saqlamasligi va to‘plamasligini aytib o‘tgan edi. Endi esa Facebook (Yan Kum ayni vaqt Facebook direktorlar kengashi a’zosiga aylangan) o‘ziga tegishli servislarda (Instagram, Messenger, WhatsApp) muayyan foydalanuvchiga tegishli ma’lulotlarni o‘zaro integratsiyalashni rejalashtirmoqda.

Facebook bunday qilish reklama samaradorligini oshirish va xavfsizlikni kuchaytirishiga ishonmoqda. Sababi, o‘zaro integratsiyalangan servislarda reklama samaradorligi ortadi, uning maqsaddagi auditoriyaga yetib borishi tezlashadi. Shu bilan birga, kompaniya shu yo‘l orqali Facebook servisida spamlarga qarshi kurashadi. Hatto kompaniya kelajakda spamerlarga nafaqat Facebook’dan, balki WhatsApp’dan foydalanishni ham cheklashi mumkin.

Biroq barcha foydalanuvchilar ham WhatsApp’da ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqamlarini Facebook bilan ulashishga rozi bo‘lmasa kerak. Shu maqsadda yangi foydalanish shartlarini qabul qilgandan keyin 30 kun ichida bevosita WhatsApp sozlamalarida (Nastroyki > Akkaunt > Dat info ob akkaunte) akkaunt to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Facebook serveriga uzatilishini taqiqlash mumkin. Hozircha ushbu yangilik servis foydalnuvchilari tomonidan yaxshi kutib olinmayapti. Albatta, ushbu qarorning foydali tomonlari bo‘lganidek, kishilarning daxlsizligiga salbiy ta’siri ham yo‘q emas.