WhatsApp yangilanmoqda: yangicha videqo‘ng‘iroqlar va YouTube

  •   DiMaX
  •  1820
  •  20.07.2017 15:23

WhatsApp yangilanmoqda: yangicha videqo‘ng‘iroqlar va YouTube

WhatsApp jamoasi ilovaning yangi funksiyalarini ommaviy chiqarishdan avval ularni messenjerning beta-versiyalarida sinovdan o‘tkazmoqda. iOS hamda Android uchun chiqarilgan ilovalarga navbatdagi relizda birdaniga video bilan aloqador ikkita yangilik kiritilmoqda, deb yozadi WABetaInfo sayti.

Videoqo‘ng‘iroqlar

Xabarga ko‘ra, WhatsApp’ning Android uchun chiqarilgan 2.17.265 beta-versiyasida videoqo‘ng‘iroqlarni o‘zgartirish funksiyasi paydo bo‘lgan. Videoqo‘ng‘iroq oynachasining o‘lchamini kichraytirish va uni ekran bo‘ylab surish mumkin. Bir vaqtning o‘zida videoqo‘ng‘iroq orqali suhbatlashish va boshqa yuzerlar bilan ham yozishish imkoniyati taqdim etilgan.

Lekin, aftidan, bu funksiya faqatgina Android O 8.0 versiyasi o‘rnatilgan qurilmalarda ishlaydi. Operatsion tizimning boshqa versiyalari esa picture-in-picture («rasm ichida rasm») funksiyasini qo‘llab-quvvatlamaydi.

WhatsApp hamda YouTube

Ilovadagi ikkinchi yangilik YouTube videolavhalari bilan bog‘liq. Yozishmalarda uchraydigan YouTube sahifasiga yo‘llovchi havolalar bosilganida, endi roliklar alohida ilovada emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri WhatsApp’ning o‘zida ochiladigan bo‘ladi. Bunda videolavha «rasm ichida rasm» formatidagi oynada ochilib ko‘rinadi.

Bu oynachani ham ekran bo‘ylab joyini o‘zgartirish, o‘lchamini kichraytirish yo kattalashtirish, shuningdek, yashirish ham mumkin bo‘ladi. Bular esa video ko‘rayotib ham yozishmadan chalg‘imaslik imkonini beradi.

Ammo mazkur funksiya hozircha faqatgina iOS-qurilmalar uchun chiqarilgan WhatsApp’ning beta-versiyasidagina amal qiladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!