Wi-Fi muqobili Li-Fi’ning 100 karra tezroq ishlashi ma’lum bo‘ldi

Wi-Fi muqobili Li-Fi’ning 100 karra tezroq ishlashi ma’lum bo‘ldi

Wi-Fi — simsiz ma’lumot almashish texnologiyasining ma’lumotlarni undan 100 marotaba tezroq uzata olish imkoniyatiga ega muqobili bo‘lgan Li-Fi (light fidelity – yorug‘lik sodiqligi) texnologiyasi ilk marotaba sinovdan o‘tkazildi.

Ma’lumotlarni simsiz almashishning ushbu innovatsion texnologiyasi Estoniyaning Velmenni startap loyihasi tomonidan moliyalashtirilgan va rivojlantirilmoqda. Li-Fi ilmiy g‘oyasi Edinburg universiteti professori Harald Haas tomonidan ilgari surilgan va kashf qilingan.

Loyiha doirasida yangi texnologiya LED lampalarining keyingi avlodi hisoblangan Velmenni Jugnu aqlli chiroqlarida sinab ko‘rilmoqda. Ya’ni, Li-Fi simsiz aloqa texnologiyasida ma’lumot yetkazuvchi vosita sifatida an’anaviy radiochastotalardan emas, aqlli chiroq yorug‘ligidan foydalaniladi. Aqlli chiroq maxsus ilova yordamida qurilmalar bilan aloqa o‘rnatadi.

Loyiha tomonidan tarqatilgan ma’lumotlarda aytilishicha, sinov vaqtida Li-Fi chiroqlari sekundiga 1 Gbit ma’lumotni yetkazish quvvatiga ega bo‘lgan. Ya’ni, bu HD formatidagi filmni bir necha soniyalarda yuklab olish imkonini beradi.

Tajriba jarayonida yorug‘likni o‘zaro yondosh  oqimlarga ajratuvchi chiroqlardan foydalanilganda tezlik sekundiga 3 Gbit.gacha yetkazilgani aytilmoqda.

Velmenni tomonidan bungacha bir qancha loyiha va dasturlar, xususan “Yorug‘lik nuri aloqasi” texnologiyasi rivojlantirilgan. Uning yordamida ikki qurilma ekranlaridan taralayotgan nurlari yordamida ma’lumot almashish qobiliyatiga ega bo‘ladi.

Ayni kunda Li-Fi ishxonalarda sinovdan o‘tkazilinib, ishlab chiqarish laboratoriyasida takomillashtirilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!