Wi-Fi orqali energiyani uzatish texnologiyasi ishlab chiqildi

Wi-Fi orqali energiyani uzatish texnologiyasi ishlab chiqildi

Axborotni simsiz uzatish jamiyat hayotida kichik inqilob bo‘ldi, deb aytish mumkin. Umumjahon tarmog‘iga ulanib, barcha narsa haqida ma’lumot olishimiz imkoni qo‘limizda. Hal qilinishi kerak bo‘lgan galdagi masala energiyani simsiz uzatish edi. Vashington universiteti injenerlari buning iloji bor, deyishmoqda.

Vay-fay orqali energiyani uzatish loyihasi mualliflari bir vaqtning o‘zida Wi-Fi router va quvvatlantiruvchi manba sifatida ishlovchi tizim yaratishgan. U sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Yangi texnologiyani kelgusi oyda Germaniyadagi CoNEXT 2015 konferensiyasida namoyish etishadi.

Hozircha, smartfon va noutbuklarni zaryadlovchi qurilma ustida gap ketayotgani yo‘q. PoWiFi deb nomlangan yangi qurilma juda kam energiya iste’mol qiluvchi qurilmalarni quvvatlantira oladi. Bunday qurilmalarga, nafaqat,  mavhum “sensor”, balki fitnes-bilaguzuk va treker, veb-kameralarni kiritish mumkin.

Buning uchun oddiy Wi-Fi router texnik jihatdan takomillashtirildi va axborot bilan birga bo‘sh kanallarining biridan energiya yuboradigan bo‘ldi. Tajriba davomida kichik videokamera 5 mdan oshiqroq masofadan quvvatlantirildi. Jawbone Up24 fitnes-trekeri yangi texnologiya bo‘yicha quvvatlantirilganda 2,5 soatda 41 foiz energiya oldi.

Garchi bu yangilik bir qarashda arzimasdek tuyulsa-da, kelajakda smartfon, noutbuk kabi qurilmalarni simsiz quvvatlashga , bora-bora katta hajmli energiyani simsiz uzatish texnologiyalari yaratilishiga poydevor bo‘lishi mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!