Windows sozlamalariga kirishni cheklab qo‘yamiz

  •   DiMaX
  •  1750
  •  05.07.2017 11:06

Windows sozlamalariga kirishni cheklab qo‘yamiz

Ko‘pchilik boshlovchi foydalanuvchilar kompyuter operatsion tizimining sozlamalarini bilib-bilmay o‘zgartirishga o‘ch bo‘lishadi. Keyin esa o‘zlari shu sababli kelib chiqqan turli muammolardan nolib yurishadi.

Agarda siz shunaqa – kimlarningdir xatosini to‘g‘irlayverib charchagan bo‘lsangiz, Windows ustida tajribalar o‘tkazishni butkul cheklab qo‘yish yo‘lini o‘rganib olganingiz ma’qul.

Buning uchun atigi besh daqiqa vaqt va quyidagi yo‘riqnomalarga amal qilish talab etiladi.

1. Kompyuterda Win+R tugmachalarni baravar bosing, ekranda paydo bo‘lgan oynachada regedit buyrug‘ini tering va «Enter» tugmasini bosing.


2. Ochilgan «Reyestr muharriri» («Redaktor reyestra») oynasida quyidagi manzilga o‘ting:

 HKEY_CURRENT_USER\Software\Microsoft\Windows\CurrentVersion\Policies\Explorer

Agarda sizning kompyuteringiz reyestrida bunaqa bo‘lim mavjud bo‘lmasa, uni shu manzilda o‘zingiz yarating.

3. O‘ng tomondagi bo‘sh joyda sichqonchaning o‘ng tugmachasini bosing, ochilgan kontekst menyuda quyidagi bandni bosing: «Sozdat» → «Parametr DWORD (32 bita)».


4. Yangi parametrni NoControlPanel deb nomlab, «Enter» tugmasini bosing.


5. Shu o‘zingiz yaratgan yangi parametr ustiga sichqoncha bilan ikki marta cherting va undagi 0 belgisini 1 belgisiga o‘zgartiring.

6. «Reyestr muharriri»ni yopib, kompyuterni o‘chirib-yoqing.

Shularni amalga oshirganingizdan so‘ng, hech bir foydalanuvchi endi operatsion tizim sozlamalarini va «Boshqaruv paneli» («Panel upravleniya»)ni ocha olmaydi. Ularni ochishga uringanida, ekranda quyidagi yozuv paydo bo‘ladi:

 

Yana shuni ham eslatib o‘tamizki, Windows 10’ning oxirgi yangilanishida chet manbalardan dasturiy ta’minot o‘rnatishni ham cheklash imkoni bor:


Bu opsiyadan foydalansangiz, boshqalar kompyuterga biror begona, tekshirilmagan dastur o‘rnata olishmaydi. Shuni qo‘llagach, so‘ng yuqoridagi yo‘riqnomaga amal qilish orqali operatsion tizim sozlamalariga va «Boshqaruv paneli»ga kirishni cheklasangiz – yanada yaxshi.

O‘ylaymizki, mazkur yo‘riqnoma kompyuteringizdagi operatsion tizimning uzoq muddat va barqaror ishlashini ta’minlab, sizning vaqtingiz hamda asabingizni asrashga yordam beradi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.