Xalqaro valyuta operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlovchi «GlobUzCard» tizimi yaratilmoqda

Xalqaro valyuta operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlovchi «GlobUzCard» tizimi yaratilmoqda

Bank plastik kartalari asosida naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish va uyg‘unlashtirish, xalqaro plastik kartalar standartlari, qoidalari va tartibotlari asosida ilg‘or yutuqlarni joriy qilish maqsadida, Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan «GlobUzCard» banklararo universal chakana to‘lov tizimi faoliyati to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqilib, 2017 yil 15 may kuni Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlandi.

«GlobUzCard» banklararo universal chakana to‘lov tizimi elektron shakldagi naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan hamda bank plastik kartalarini emissiya qiluvchi va tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotuvchilariga xizmat ko‘rsatuvchi banklarni, Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bankni, shuningdek Protsessing markazini yagona tizimga birlashtiradi.

Ushbu to‘lov tizimi uchun «Yagona xalqaro protsessiing markazi» (YaXPM) qo‘shma korxonasini tashkil qilish rejalashtirilmoqda, u GlobUz protsessiing markazi funksiyasini bajaradi. YaXPM boshqaruv organi muvofiqlashtiruvchi kengash bo‘ladi, uning tarkibiga GlobUz’ga a’zo banklar, YaXPM va O‘zbekiston Banklar uyushmasi rahbarlari kiradi.

O‘zbekiston Respublikasida chet el valyutasidagi bank plastik kartochka (BPK)lar asosida amaliyotlarni o‘tkazilishini, shuningdek «GlobUz» to‘lov tizimi doirasida muomalaga chiqarilgan BPK orqali O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida amaliyotlarni o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida «GlobUz» to‘lov tizimi xalqaro to‘lov tizimlari bilan aloqalar o‘rnatadi.

Jumladan, mahalliy OAVning ma’lum qilishicha, yangi to‘lov tizimi Visa, MasterCard, Union Pay International, JCB, American Express, Diners Club va boshqa xalqaro to‘lov tizimlari bilan aloqalar o‘rnatib, chet elda GlobUz bank kartalaridan va O‘zbekiston hududida xorijiy banklar kartalaridan chet el valyutasida operatsiyalar o‘tkazishni ta’minlaydi.

Nizomga ko‘ra, «GlobUz» to‘lov tizimida milliy valyutada Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank vazifasini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Hisob-kitoblar Kliring markazi amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Axborotlashtirish bosh markazi Hisob-kitoblar Kliring markaziga texnik, dasturiy va ekspluatatsiya xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlaydi.