Xaridorlar Galaxy S8’dagi nosozlikdan shikoyat qila boshlashdi

Xaridorlar Galaxy S8’dagi nosozlikdan shikoyat qila boshlashdi

7 apreldan buyon Samsung o‘zining so‘nggi Galaxy S8 flagmanidan 1 million donadan oshiq sotishga muvaffaq bo‘lgan. Shu kunlarda internetda smartfonning ba’zi bir foydalanuvchilari tomonidan displeydagi nosozlik, aniqrog‘i qizg‘ish tus darajasining haddan ziyod yuqoriligi bilan bog‘liq fikrlar ommalashmoqda. Quyidagi ekranlar o‘rtasidagi farqni va qizg‘ish rangni sezgan bo‘lsangiz kerak.

Bunga nisbatan Samsung zudlik bilan bayonot e’lon qilib, xaridorlarini bu ekran sifati bilan bog‘liq muammo emasligidan boxabar qildi. Ma’lum qilinishicha, ekrandagi qizil tusni qurilma sozlamalarida me’yoriga keltirish mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, aksariyat foydalanuvchilar bu muammoni sozlamalar orqali bartaraf qilishgan.

The Korea Herald nashriga ko‘ra, Galaxy S8 foydalanuvchilaridan biri sozlamalar yordamida ham ekrandagi rang balansini to‘g‘irlay olmagan va ekrandagi qizg‘ish rang o‘zgarishsiz qolgan. Bunga nisbatan esa Samsung foydalanuvchiga o‘ziga yaqin xizmat ko‘rsatish markazlaridan biriga murojaat qilishini maslahat bergan.

Ekspertlarning fikricha, Samsung’ning AMOLED matritsasida qizil-yashil va ko‘k-yashil quyi piksellaridan foydalaniladi. Ikkala quyi pikselda ham yashil tusning mavjudligi oqibatida yuzaga keladigan nosozlikni oldini olish uchun ham kompaniya matritsaning organik qavatida to‘q qizil rangli OLED panelidan foydalangan. Displeydagi qizg‘ish tus me’yorining buzilishi ham aynan ana shu to‘q qizil panel bois yuzaga kelayotgan bo‘lishi mumkin.

Samsung doim smartfon bozorida birinchi bo‘lish maqsadi bilan har bir gadjetida texnologik yangilik qilishga intiladi. Kompaniya 2016 yilda taqdim etilgan Galaxy Note 7 smartfonini kuchliroq akkumulyator bilan ta’minlashga harakat qilgani bois, dunyo miqyosida smartfonning ommaviy yonib ketishi kuzatilgan edi. Dasturchilarning fikricha, bu galgi rang bilan bog‘liq muammoni Samsung operatsion tizimdagi mas’ul dasturni yangilash orqali hal qilishi mumkin bo‘ladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!