Xiaomi 7 dyuymlik fableti bilan lol qoldirmoqchi

  •   DiMaX
  •  1679
  •  22.12.2017 15:48

Xiaomi 7 dyuymlik fableti bilan lol qoldirmoqchi

Insayderlarning xabar qilishlaricha, «xitoycha Apple» o‘zining uchinchi avlod – Mi Max 3 qurilmasini tayyorlamoqda. Garchi fablet korpusining o‘lchamlari avvalgi holida qolsa-da, uning ekrani 7 dyuymli bo‘ladi, deb yozadi GizChina.

Xabarda aytilishicha, Xiaomi bunga displey atrofidagi romlarni ingichkalashtirish evaziga erishayotir. Shuningdek, ekran tomonlarining o‘zaro nisbati ham 16:9 emas, balki 2:1 ko‘rinishida bo‘ladi.

O‘QING: "Lopatafon" – Xiaomi Mi Max 2 xalqaro bozorda sotilmoqda

Bundan tashqari, Mi Max 3 akkumulyatori sig‘imi ham 5500 mA/soatgacha kattalashtirilmoqda. Shunday qilmasa ham bo‘lmasa kerak, axir, 7 dyuymli displey matritsasiga quvvat yetkazib berish – hazilakam ish emas.

GizChina manbalarining ma’lum qilishlaricha, Xiaomi uchinchi avlod Mi Max fabletini ikkita versiyada taqdim etmoqchi. Ular bir-biridan nafaqat tezkor va doimiy xotirasining hajmi, balki protsessoriga ko‘ra ham farqlanadi. «Katta» versiyasiga Snapdragon 660 chipseti o‘rnatiladi, «kichkina»si esa Snapdragon 630 bilan kifoyalanishiga to‘g‘ri keladi.

Xiaomi Mi Max 3 taqdimoti 2018 yilning boshida bo‘lib o‘tishi kutilayotir. Ehtimol, ishlab chiqaruvchi uni 26 fevraldan 1 martgacha Barselonada bo‘lib o‘tadigan MWC 2018 ko‘rgazmasida namoyish etar.

Uchinchi avlod Xiaomi fabletining narxi xususida hozircha ma’lumotlar yo‘q. Uning oldingi «avlod»i esa Toshkentdagi «Malika» savdo markazi do‘konlarida 2050000–2091000 so‘mdan sotilmoqda.

O‘QING: Xiaomi’ning Mi turkumi smartfonlariga «Malika»da so‘mda belgilangan narxlar (2017 yil 23 noyabr)