Xiaomi kecha 2017 yildagi eng yaxshi mahsulotini taqdim qildi

Xiaomi kecha 2017 yildagi eng yaxshi mahsulotini taqdim qildi

Xitoyning Xiaomi korporatsiyasi muxlislarini xursand qilishda davom etadi. Yangi mahsulotlarning har biri o‘ziga xos. 11 dekabrda esa brendning yangicha, "inqilobiy" hamda ixchamgina Xiaomi Mi Noise Cancelling naushniklari taqdim qilindi. Uning bosh o‘ziga xosligi shovqinni kamaytirish tizimga egaligidir. Shu jihati bilan, bu aksessuarni Xiaomi kompaniyasi bu yil taqdim qilgan eng innovatsion mahsulot deyish mumkin. Shu o‘rinda yana bir jihatini aytish joizki, yangi ishlanma o‘zining arzonligi bilan ham ajralib turadi. Aniqrog‘i, raqiblar ishlab chiqargan muqobillaridan 2-4 barobargacha arzon.

Ichki kanalli yoki "tiqinli" audio quloqchinlar tashqi ko‘rinishidan ham tashqi tovushlardan yaxshigina izolyasiyalangani ko‘rinib turibdi. Quloqchinlarning tashqi shovqinni kamaytirish xususiyati shovqin joylarda, misol uchun, poyezd yoki metroda, samolyotda yoki bosh vaziyatlarda ish beradi. Xiaomi Mi Noise Cancelling aksessuari ko‘rinishidan Xiaomi'ga xos dizaynda, ya’ni eng yaxshi an’analar asosida ishlab chiqarilgan.


Boshqaruv pultida ovoz darajasini boshqarish hamda to‘xtatib qo‘yish yoki davom ettirish tugmalari mavjud. Shuningdek, pultdagi maxsus tugmani bosishingiz bilan, quloqchinda tashqi shovqinni kamaytirish tizimi ishga tushadi.

Gadjetning qora rangdagi korpusi hamda boshqaruv pulti korpusi sirti elektroliz usulida oksid pardasi bilan qoplangan alyuminiydan tayyorlangan. Bu esa uning serhasham ko‘rinishiga xizmat qilgan. Yumshoq valchalar (ambushyura) esa juda yumshoq gipoallergen silikon xomashyosidan tayyorlangan. Ularni boshqasiga oson almashtirish mumkin.

Xiaomi kompaniyasi hozircha quloqchinlarning texnik jihatlarini to‘liq oshkor qilayotgani yo‘q. Shu bilan birga, brendning ma’lum qilishicha, "inqilobiy" audio quloqchinlar ovozni uzatishda tengsiz hisoblangan "yapon sifati" bilan raqobat qila oladi. Ya’ni, musiqani uzatishda bu aksessuar har qanday qimmatbaho raqibidan kam emas.

Shu bilan birga, ma’lum qilinishicha, yangi naushniklardagi shovqinni kamaytirish tizimi musiqani 20 dB balandlikda 50 dan 1500 Gs chastota diapazonida tinglash imkonini beradi.

Xiaomi Mi Noise Cancelling naushniklarida tashqi akkumulyator bo‘lib, ular 55 mA soat tok sig‘imini jam qila oladi. Uni microUSB porti (quloqchin qaldog‘ida mavjud) yordamida 2 soatda to‘liq quvvatlab, 12 soat mobaynida shovqinni kamaytirish tizimini ishga tushirib, musiqa tinglash mumkin.

Narx borasida esa hammasi kutilmagan -- 299 yuan, ya’ni 300 ming so‘m! Aytish joizki, bu kabi raqib aksessuarlar Xitoyning o‘zida kamida 100 AQSh dollaridan sotiladi. Yuqori imkoniyatli audio quloqchin uchun bu --
eng maqbul narx

Xiaomi Mi Noise Cancelling audio quloqchini 12 dekabrdan sotuvga chiqariladi. Hozircha faqat Xitoyda sotiladigan aksessuarni tez orada Xitoyning onlayn-do‘konlaridan ham xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!