Xiaomi Mi Mix 2S taqdimot kuni rasman aytildi

Xiaomi Mi Mix 2S taqdimot kuni rasman aytildi

MWC 2018 anjumani arafasida Xiaomi kompaniyasi, nihoyat sukutini buzdi va kutilayotgan kuchli flagman -- Mi Mix 2S taqdimot kunini rasman e’lon qildi. Biroq, afsuski, bu flagman bilan Barselonada tanishish imkoni bo‘lmaydi.

Kompaniya buning uchun alohida namoyish tadbirini tashkil qiladi. Buning uchun esa "xitoylik olma"ga bir oy vaqt kerak bo‘ladi. E’lon qilinishicha, Xiaomi Mi Mix 2S flagmani ham o‘zining ashaddiy raqibi bo‘lishi kutilayotgan Huawei P20 flagmani bilan bir kunda taqdim qilinadi — 27 martda. Buning uchun Huawei vakillari Parijga jo‘nab ketishsa, Xiaomi devaysini o‘zining qadrdon uyi - Xitoyda namoyish qiladi.

Kompaniya flagmanning apparat platformasi uchun Snapdragon 845 chipsetini tanlagan. 100% ishonch bilan aytish mumkinki, Xiaomi Mi Mix 2S modeli yilning mazkur kuchli protsessoriga ega ilk flagman bo‘ladi.

Xiaomi bu devaysning platforma imkoniyatlarini ko‘rsatib qo‘yish uchun smartfonni AnTuTu benchmarkida ham sinovdan o‘tkazib ko‘di. Natijada, flagman bu imtihonlarda 273 741 ball to‘pladi va hozircha bizga ma’lum bo‘lgan barcha Android-flagmanlarni "yer tishlatdi".

Xiaomi Mi Mix 2s modeli old paneli 5.99 dyuymli, tomonlari 18:9 nisbatli, FHD+ (2260×1080 piksel) sig‘imli to‘liq ekrandan iborat bo‘ladi.

8 gigabaytli tezkor xotira, 256 gigabaytli doimiy xotira bilan yilning eng kuchli platmorfmaga ega mobil aloqa vositalaridan biri bo‘ladi.

Kamera ham ilg‘or: Mi MIX 2S'da qo‘sh pikselli avtofokus tizimiga ega bo‘lgan yangi Sony IMX363 sensori o‘rnatiladi.

Yana bir ahamiyatli jihati -- Sony IMX363 sensori ob’yektlarni taniydi va o‘zi mustaqil ishga tushadi. Kamerada suratlarni qayta ishlash texnologiyasi yanada takomillashgan.

Mi Mix 2S quvvati uchun 3400 mA soat tok quvvatiga ega akkumulyator mas’ul bo‘ladi. Smartfon samarali chipga hamda quvvatni tejaydigan Android 8.0 Oreo'da ishlashini hisobga olsak, bu quvvat foydalanuvchining ko‘nglini chog‘ qiladi.

Faqat bir savolga javob topilmagan: yangi devaysda ham iPhone X'dagi kabi o‘yiq bo‘ladimi? Bu savolga 27 martga qadar javob topilishiga ishonamiz.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.