Xiaomi Mi4S: “Malika”ning noyob-hamyonbop flagmani

Xiaomi Mi4S: “Malika”ning noyob-hamyonbop flagmani

Xiaomi Mi4 "bayroqdori"dan so‘ng Xiaomi 2016 yilning 24 fevralida yetakchilikni Xiaomi Mi4S modeliga tutqazgan edi. Bu gadjetda Xiaomi Mi4 nomiga nafaqat "S" qo‘shimchasi qo‘shildi, shu bilan birga, korpusda barmoq izi skaneri, SIM-karta hamda 64 Gb sig‘imli xotira kartasi bo‘lmachalari hamda "och-pushti" rangli korpus talqini ham qo‘shildi. Yurtimiz smartfon do‘konlarida 1,804,000 so‘mdan sotilayotgan bu flagman o‘z bahisga qanchalar munosibligini mazkur tavsifda o‘rganamiz.

Xiaomi Mi4S smartfonining texnik jihatlari:

Aloqa tarmog‘i: GSM/GPRS/EDGE, WCDMA/HSPA, LTE;

Platforma (taqdimot vaqtida): Android Lollipop'ning MIUI v7 talqini;

Displey: 5”, 1920 x 1080 pikselli, IPS, 441 ppi;

Kamera: 13 Mp, 5 qavatli optik linza, f/2.0, ikki tusli fotochanoq, fazali fokuslash;

Old kamera: 5 Mp, 80 gradusda surat olish;

Protsessor: 6 yadroli (2 x Cortex-A57, 1,8 GGs + 4 x Cortex-A53, 1,5 GGs), Qualcomm Snapdragon 808;

Grafik chip: Adreno 418;

Tezkor xotira: 3 GB;

Doimiy ichki xotira: 64 GB;

Xotirani kengaytirish: microSD, 64 GB;

Modullar: GPS va GLONASS;

Qo‘shimcha: Wi-Fi (802.11a/b/g/n/ac), Bluetooth 4.2, USB Type-C, IQ-port,

3,5 mm port;

2 ta bo‘lmacha: micro-SIM va nano-SIM;

Akkumulyator: 3260 mA soat;

O‘lchamlari: 139,26 x 70,76 x 7,8 mm.

Smartfon "qiyofasini" yo‘qotdi

Xiaomi Mi4S'ning "ajdodlari"dan bosh farqi – uning dizayni. Polikarbonatli orqa panel o‘rniga endi shisha, xususan matoni eslatib yuboradigan surat tushirilgan shisha o‘rnatilgan. Korpus quyoshda jilodor tusga kiradi va orqa paneldagi barmoq izi skaneri u qadar ko‘zga tashlanmaydi.

Yon tomon romlari – metalldan, korpus ranglari – qora, oq, tilla va pushti ranglarda ishlab chiqariladi.

Xiaomi Mi4S o‘lchamiga ko‘ra "oltin o‘rtalik"ka mansub. U ixcham iPhone SE ham, shuningdek 5,5 dyuymli fablet ham emas. Klassik dizayn va ixcham o‘lcham ixlosmandlari uchun bu model ayni muddao. Shu bilan birga, korpusning yig‘ilishi pishiq-puxta va telefonni qo‘lga olganda g‘ichirlash kuzatilmaydi.

Elementlarning joylashuvi ham an’anaga xos: SIM/microSD kartalari uchun gibrid bo‘lmachalar korpusning chap yonida, ovozni boshqarish uchun yaxlit uzunchoq tugma o‘ng yonida joylashgan.

2016 yillarda Android-smartfonlar orasida barmoq izlari skanerini orqa panelga joylashtirish urfga kirdi. Barmoq avtomatik ravishda bu skaner ustiga o‘rnashishi hisobga olinsa, bu – to‘g‘ri yechim.

Metall, shisha va o‘ziga xos chizmali orqa panel o‘ziga xos, shu bilan birga modelning "istarasi" raqiblarinikiga o‘xshash.

Ogohlantirishlar uchun, misol uchun o‘tkazib yuborilgan xatlar yoki qo‘ng‘iroqlar uchun bir necha rangli LED chirog‘i ham smartfonda tatbiq qilingan qulayliklardan biri.

O‘z davrida e’tiborga tushgan Snapdragon 808, shishador dizayn, 64 gigabaytli va kattalashtirish mumkin bo‘lgan xotiraga ega Xiaomi Mi 4S narxi taqdimot vaqtidayoq $263 dollarga belgilangan edi.

Ekran o‘z narxiga juda munosib

Xiaomi Mi4S sifatli 5 dyuymli hamda Full HD sig‘imli ekran bilan ta’minlangan. 5 dyuym – foydalanuvchi uchun yetarli maydon. Tasvirning ko‘rinishi aniq-tinq, yorqinlik darajasi ko‘z uchun yetarli, ranglar to‘q hamda me’yorida, ekran yorqinligi keragidan yuqori. Tasvirning burchaklarda aks etish darajasi o‘rtacha.

Xiaomi Mi4S ekraniga xos kuchli jihat mavjud: smartfonni o‘z didiga ko‘ra sozlashni yaxshi ko‘rganlar uchun bu modelda ham ekranning rang "harorati"ni to‘g‘irlashga mo‘ljallangan sozlamalar menyusi bor. iPhone smartfonlarida odatda bu parametr "kechki rejim" yoki "mutolaa rejimi" deb ko‘rsatiladi. Xitoylik uddaburon ishlab chiqaruvchi esa har kimga ekranni moslashtirish imkonini yaratgan.

Samaradorlik vaqtini yashab bo‘lgandek

Smartfondagi tezkor xotira sig‘imi 3 gigabayt, doimiy xotira 64 gigabaytli. Shu bilan birga unga 2015 yilda yetakchilardan bo‘lgan Qualcomm Snaprdagon 808 protsessori o‘rnatilgan. Bu chip Quad HD sig‘imli ekranni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Misol uchun LG G4 smartfoni ekrani shu sig‘imda va unga ham mazkur chip o‘rnatilgan. Video va grafikani qayta ishlash uchun Adreno 418 video-kartasi javobgar.

Asphalt 8 va Modern Combat kabi zamonaviy "og‘ir" o‘yinlarni o‘ynashda chip ba’zida qiynalib qoladi. Ilovalar bilan ishlashda esa muammo kuzatilmaydi. Protsessorni ishi ko‘payib ketganida korpusning yuqori qismi qiziydi.

Xiaomi Mi4 S smartfoni Meizu gadjetlari kabi "musiqiy" bo‘lmasa ham, ularda ovoz va tovushning jarang sochishi sifatli va ortiqcha zo‘riqishlar yo‘q.

Kommunikatsiya va aloqa imkoniyatlari

Xiaomi Mi 4S Xitoydan tashqarida 4G LTE tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlamasligi mumkin. Boisi, smartfon standartiga xos texnik jihatlar barcha radiochastota spektrlariga mos kelmasligi mumkin. Shu bois, uni xarid qilishdan avval sotuvchilar bilan bu borada maslahatlashing.

Akkumulyator – sig‘imdor

O‘rtacha foydalanganda Xiaomi Mi4S to‘liq quvvat bilan 13-14 soat ishlaydi. Ya’ni, bu vaqt ichida 1 soat suhbat qurish, messenjerlarda suhbatlashish, pochtani bir necha bor tekshirib ko‘rish, suratga tushishi mumkin.

3260 mA soat elektr toki sig‘imiga ega akkumulyatorni Quick Charge 2.0 texnologiyasi hamda USB Type C porti yordamida 1,5 soat ichida 100 foizga to‘ldirish mumkin.

Kamera – o‘rtacha, biroq qiziq jihatlarga boy

Xiaomi Mi4S kamerasi olgan suratlarga chidasa bo‘ladi. Kadr yonlarida rang-tus "qochgan" bo‘lishi, detallar juda zo‘r bo‘lmasligi mumkin. 13 megapikselli bosh kamera yorug‘lik yetishmasa, "hayajonlanib" qoladi. Yorug‘lik yetarli sharoitda esa hammasi yaxshi, HDR rejimidan ham ko‘ngil to‘ladi.

Orqa paneldagi 2 tusli LED fotochaqnog‘i kameraga yuz va teriga mos rangni ifodalashiga yordam beradi. Kamerada suratni optik barqarorlashtirish funksiyasi yo‘q. Bu ham kameraga yorug‘lik past vaziyatda yaxshi surat olishiga to‘sqinlik qiladi. 

Old kamera 5 megapikselli (f/2.0 diafragma) va yaxshi surat oladi. Mi 4S kamera ilovasi Mi 5'niki bilan bir xil.

Quyidagi suratlar sifatiga o‘zingiz baho bering.

Xulosa

Xiaomi Mi4S – o‘rta narxli, yurtimizda yaxshi sotilayotgan smartfon. U sifatli korpusi, yorqin ekrani, dizayni bilan o‘ziga xos. Smartfon bir vaqtlar texnik jihatdan flagman bo‘lgan bo‘lsa, u hanuz o‘z o‘rnini yo‘qotmagan.

Raqiblari orasida Lenovo Vibe Shot, Meizu MX5 va Huawei Honor 7 Premium'ni keltirish mumkin. Ularning barchasi ham metall sinchli, samaradorligi esa deyarli bir xil. An’anaga ko‘ra, Xiaomi Mi4S narxi, xotirasi va batareya sig‘imi bilan ularni dog‘da qoldiradi. Huawei smartfonida ekran yirikroq, Lenovo urg‘uni kameraga qaratgan, Meizu 5.5 dyuymli displeyi va NXP TFA9890  "musiqiy" chipi bilan o‘ziga xos.

 

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

"Малика" 1.8 млн сўм Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!