Xiaomi Mi7: kompaniya rahbari flagman narxi, jihatini ma’lum qildi

Xiaomi Mi7: kompaniya rahbari flagman narxi, jihatini ma’lum qildi

Xiaomi Mi7 flagmanining qanday ilg‘or jihatlarga ega bo‘lishi, dizayni va albatta narx-navosi hozirdanoq ko‘pchilikda savol tug‘dirmoqda. Gap shundaki, Xiaomi Mi7'ga oid hozircha bir jihat rasman tasdiqlangan. U ham bo‘lsa, flagmanda Snapdragon 845 apparat platformasining bo‘lishidir. Buni kompaniya rahbari Ley Szyun bugun bo‘lib o‘tgan brend muxlislari bilan uchrashuvda tasdiqladi.

Jumladan, uning aytishicha, kompaniya Qualcomm'dan eng ilg‘or platformani biror muammosiz xarid qilishga kelishib olgan. Va, muxlislar ehtiyojini qoplash uchun Xiaomi hozirdanoq jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Snapdragon 835 protsessori bilan bog‘liq tanqislikdan so‘ng ishlab chiqaruvchi Snapdragon 845 bilan bunday holatni takrorlamaslikka harakat qilmoqda.

Biroq, flagman narxiga oid ma’lumot barcha uchun kutilmagan xabar bo‘ldi. Kompaniya asoschisi va yo‘lboshchisining ma’lum qilishicha, Xiaomi Mi7 flagmani $380 AQSh dollaridan sotiladi. Bu chindan ham favqulodda yangilik!

Avvaldan tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Xiaomi Mi7 5,99 dyuymli, piksel sig‘imi 2560x1440 belgiga teng ekranga ega bo‘ladi. Ekran old panelning 90% qismini egallab oladi.

Smartfonda 6 Gb operativ xotira hamda 64/128 Gb doimiy xotira o‘rnatiladi. Bosh kameradagi qo‘sh sensorli modellarning faoliyati esa tubdan o‘zgaradi. Jumladan, ular uchun Sony IMX380 va Sony IMX350 datchiklari tanlangan. Ma’lumotlarga qaraganda, sensorlarning sig‘imi 20 Mp hamda 12 Mp bo‘ladi va ular f/1.7 standartidagi frug‘lik taqsimlovchi moslama bilan ta’minlanadi. Selfi uchun mas’ul modul esa hayratlanarli -- 20 megapikselli!

Shu bilan birga, akkumulyator sig‘imi ham chakki emas, "quvvat toshi"ning elektr toki sig‘imi 3650 mA soat bo‘lishi kutilmoqda.