Xiaomi’ning selfisevarlarga sovg‘asi – Redmi Y1 va Redmi Y1 Lite taqdim etildi

  •   DiMaX
  •  2577
  •  03.11.2017 17:26

Xiaomi’ning selfisevarlarga sovg‘asi – Redmi Y1 va Redmi Y1 Lite taqdim etildi

Hindiston poytaxtida Xiaomi kompaniyasi o‘zining yangi – Redmi Y turkumidagi ilk smartfonlarini taqdim etdi. Mazkur hamyonbop turkumda asosiy e’tibor old kameraga qaratiladi, deb yozadi Android Authority nashri.

«Xitoycha Apple» ushbu seriyada ikkita – Redmi Y1 hamda uning hamyonbop talqini – Redmi Y1 Lite modellarini taqdim etdi. Har ikkala smartfon MIUI 9 beta-talqini boshqaruvi ostida ishlaydi. Ular mazkur tizim qobig‘ining barqaror talqinigacha noyabrning o‘rtalarida yangilanadi. Xiaomi’ning ta’kidlashicha, MIUI 9 xuddi «sof» Android kabi tez ishlaydi.

O‘QING: MIUI 9’gacha rasman yangilanadigan Xiaomi smartfonlari ro‘yxati

Xiaomi Redmi Y1 modelining asosiy o‘ziga xosligi – uning old kamerasidir. Axir, selfilar zo‘r chiqishi uchun 16 megapikselli modul bilan birga yorug‘lik-diodli chaqnoq ham o‘rnatilgan.

Xiaomi Redmi Y1 smartfonining texnik xususiyatlari:

  • Ekran: diagonali 5,5 dyuymli, 1280x720 pikselli displey, Corning Gorilla Glass bilan himoyalangan;
  • Protsessor: sakkiz yadroli Snapdragon 435;
  • Grafik tezlatgich: Adreno 505;
  • Tezkor xotira: 3/4 GB;
  • Ichki xotira: 32/64 GB;
  • Qo‘shimcha xotira: 128 GBgacha hajmli microSD;
  • Old kamera: 16 megapikselli, f/2.0 aperturali, LED-chaqnoqli;
  • Asosiy kamera: 13 megapikselli, f/2.2 aperturali, avtofokusli, LED-chaqnoqli;
  • Akkumulyator: 3 080 mA/soat;
  • Operatsion tizim: Android 7.1.2 Nougat bazasidagi MIUI 9 qobig‘i;
  • O‘lchamlari: 153x76,2x7,7 mm;
  • Vazni: 150 g.

Mazkur smartfonning nisbatan hamyonbop talqini – Xiaomi Redmi Y1 Lite ham tashqi ko‘rinishi jihatidan sherigidan uncha farq qilmaydi. Faqat bu «yengil» talqinning old kamerasi «bundayroq» va chaqnoqsizdir. Shuningdek, ichki xususiyatlarida ham farq yetarlicha.

Xiaomi Redmi Y1 Lite smartfonining texnik xususiyatlari:

  • Ekran: diagonali 5,5 dyuymli, 1280x720 pikselli displey, Corning Gorilla Glass bilan himoyalangan;
  • Protsessor: to‘rt yadroli Snapdragon 425;
  • Grafik tezlatgich: Adreno 308;
  • Tezkor xotira: 2 GB;
  • Ichki xotira: 16 GB;
  • Qo‘shimcha xotira: 128 GBgacha hajmli microSD;
  • Old kamera: 5 megapikselli, f/2.0 aperturali;
  • Asosiy kamera: 13 megapikselli, f/2.2 aperturali, avtofokusli, LED-chaqnoqli;
  • Akkumulyator: 3 080 mA/soat;
  • Operatsion tizim: Android 7.1.2 Nougat bazasidagi MIUI 9 qobig‘i;
  • O‘lchamlari: 153x76,2x7,7 mm;
  • Vazni: 150 g.

Har ikkala smartfon ham savdoga 8 noyabrdan chiqariladi. Redmi Y1 modeli tezkor va ichki xotirasining hajmiga ko‘ra ikki xil modifikatsiyada taqdim etiladi va 3/32 gigabaytlisi 140 AQSh dollari, 4/64 gigabaytlisi esa 170 dollar turadi. Redmi Y1 Lite uchun esa atigi 115 dollar narx belgilangan.

Darvoqe, O‘zbekistonda savdoga chiqarilgan Xiaomi smartfonlarining «Malika» savdo markazi do‘konlaridagi so‘mda belgilangan narxlarini mana bu, ularning kredit bo‘yicha so‘mdagi narxlarini esa mana bu xabarlarimizda ko‘rib chiqishingiz mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!