Xiaomi qo‘sh kamerali, o‘rta narxli Mi Note 3'ni ham taqdim qildi

Xiaomi qo‘sh kamerali, o‘rta narxli Mi Note 3'ni ham taqdim qildi

Mi Mix 2 flagmanidan tashqari Xiaomi kompaniyasi bugun o‘rta narxli mobil telefonlar sinfiga mansub Mi Note 3 smartfonini ham taqdim qildi. Apparat joriy yil birinchi yarim yilligida taqdim qilingan Mi6'ning yanada kattalashgan "merosxo‘ri".

Xiaomi Mi Note 3 — Mi6 flagmanining yangi funksiyalar bilan boyitilgan talqini. Dizayni Mi6 modeliniki bilan bir xil bu smartfonning ekranni kattaroq -- 5,5 dyuymli va uning displeyi ikki yonga qayrilgan uslubda. Ekran sig‘imi — 1920 x 1080 pikselli. Korpus shisha va metalldan iborat.

Xiaomi Mi6'dan Mi Note 3 protsessori bilan ham farq qiladi. Flagmanda Snapdragon 835 ilg‘or chipi foydalanilgan bo‘lsa, Xiaomi Mi Note 3'da "flagman chip"dan bir qadam orqada bo‘lgan Snapdragon 660 protsessori o‘rnatilgan. Mi Note 3 smartfonidagi operativ xotira 6 GB, doimiysi — 64 yoki 128 GB. Akkumulyatorning elektr toki sig‘imi — 3500 mA soat. Tezkor quvvatlash texnologiyasi mavjud.
Mi Note 3 bosh kamerasi 2 modulli, har biri 12 Mp sig‘imli. Ularning yordamida ob’yektni 2 karra yaqinlashtirib yoki orqa fonni g‘ira-shira qilib ham suratga olish mumkin. Old kamera — 16 megapikselli. Kamerada foydalanuvchi qiyofasini tanish funksiyasi ham tatbiq qilingan.

Bu gadjet ham "ajdodi" kabi 3,5 mm.li audio-tuynukdan mahrum bo‘lgan. Qadoqda maxsus perexodnik taqdim qilinadi.
Devays old panelidagi Home sensor tugmasiga barmoq izlari skaneri joylashtirilgan.

Mi Note 3'dagi operatsion tizim — Android'ning o‘zlashtirilgan MIUI 9 talqini. Gadjetda Android Pay uchun NFC,  stereodinamiklar, IQ-portlari ham mavjud. 2 ta SIM-krataga mo‘ljallangan smartfon LTE, Wi-Fi (802.11ac), Bluetooth 5.0, GPS/GLONASS/Beidou tarmoqlarida ishlaydi.

Narx va navo

Mi Note 3'ning 6 GB "operativka" va 64 GB doimiy xotirali talqini Xitoyda 375 AQSh dollari, 6/128 GB modeli 435 dollar, maxsus ko‘k rangli, 6/128 GB talqini 450 dollardan sotuvga chiqariladi.