Xiaomi Redmi 5 bugunoq taqdim etilishi mumkin, ilk surati va xususiyatlari bilan tanishing!

  •   DiMaX
  •  2731
  •  29.11.2017 10:45

Xiaomi Redmi 5 bugunoq taqdim etilishi mumkin, ilk surati va xususiyatlari bilan tanishing!

Keyingi paytlarda Xiaomi’ning hali taqdim etilmagan Redmi Note 5 fableti haqida mish-mishlar ko‘payib qoldi, ammo bozorga bu modeldan oldin ixchamroq Redmi 5 taqdim etiladi. Bu haqda, MyDrivers.com ma’lumotiga tayangan holda Gagadget xabar bergan.

O‘QING: Xiaomi Redmi 5 modellari internet do‘konida paydo bo‘ldi

Xabarga ko‘ra, kompaniya allaqachon bu smartfon tizerini tarqata boshlagan, China Telecom uyali aloqa operatori saytida esa qurilmaning suratlari va xususiyatlari e’lon qilingan.

Xiaomi Redmi 5 gadjetining orqa tomoni ko‘proq Redmi Note 4 smartfoniga o‘xshab ketadi: korpusning qopqog‘i metalldan yasalgan, tepa va pastki qismlarida esa plastik qismlar qo‘yilgan. Kamera moduli, chaqnog‘i va ularning ostidagi daktiloskopik skaner joylashuvi ham oldingi avlod devayslariga o‘xshash.

Smartfonga diagonali 5.7 dyuymga teng, tomonlarining o‘zaro nisbati esa 18:9 ni tashkil etuvchi ekran o‘rnatilgan. Displeyning tasvir aniqligi 1440x720 pikselni tashkil etadi. Redmi 5 asosiy kamerasi 12, selfi-kamera esa 5 megapikselli sensorlardan iborat.

Yangi modelning «yuragi» – sakkiz yadroli Snapdragon 625 chipseti, ammo operatorning ma’lumotlar bazasida u MSM8953lite tarzida ko‘rsatilgan. Bu yerdagi «lite» qo‘shimchasi protsessor yadrolarining ishlash chastotasi 1.8 GGs.gacha pasaytirilganini anglatsa kerak, deyilgan xabarda. MDE1 indeksli ushbu modelda tezkor xotira hajmi 4, doimiy xotira hajmi esa 64 gigabayt ekani aks ettirilgan. Shuningdek, unga 128 gigabaytgacha hajmli xotira kartasi qo‘yish mumkin.

Korpusning yuqori qirrasida infraqizil port hamda quloqchin uchun 3.5 millimetrlik tirqish qoldirilgan. Akkumulyator sig‘imi 3300 mA/soatga teng, agarda ekran yuzasi Redmi 4 modellaridagiga nisbatan 20 foizga kattaroq ekanini hisobga olsak, batareyaning quvvati oldingi modellardagi qadar uzoqqa yetmasligi mumkin.

Qurilma Android 7.1.2 Nougat bazasidagi MIUI 8.5 talqini boshqaruvi ostida ishlaydi. Xiaomi bu yangi modeliga nega oxirgi MIUI 9 qobig‘ini o‘rnatmagani ham tushunarsiz bo‘lib qolayotir.

O‘QING: MIUI 9’gacha rasman yangilanadigan Xiaomi smartfonlari ro‘yxati

Redmi modellar tizimi uchun maxsus ochilgan rasmiy Weibo-akkauntdagi tizer Xiaomi Redmi 5 modeli bugun – 29 noyabrdayoq namoyish etilishiga ishora qilmoqda, deyiladi Gagadget xabarida. Lekin MyDrivers.com xabarida hamda China Telecom saytidan olingan quyidagi ma’lumotda mazkur qurilma 10 dekabrda taqdim etishi ko‘rsatilgan:

Tayvanlik insayderlar Xiaomi Redmi 5 narxini 212 AQSh dollariga teng bo‘lishini aytishgan, biroq bungacha chiqqan turli mish-mishlarda uning narxi 150 dollardan boshlanishi taxmin qilingan. Ehtimol, gap ayni shu modelning turli versiyalari haqida ketayotgan bo‘lishi, uning 3/32 GB hajmli modifikatsiyasi ham chiqarilishi mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!