Xiaomi Redmi 5 va Redmi 5 Plus taqdim qilindi: to‘liq ekranli smartfon $120 dollardan

Xiaomi Redmi 5 va Redmi 5 Plus taqdim qilindi: to‘liq ekranli smartfon $120 dollardan

2016 yildan farqli ravishda bu yil Xiaomi deyarli har oyda u yoki bu gadjeti bilan jahon smartfon bozorini "to‘lqinlantirib" turdi. Bugungi taqdimotda esa kompaniya yilning muvaffaqiyatli hamyonbop smartfonlaridan bo‘lishi kutilayotgan modellarni taqdim qildi. Ko‘rinib turibdiki, "xitoylik Olma" flagmanlarning ommaga xush keladigan jihatlarini o‘rganib, ularni oddiy modellarga ham joriy qilishga intilmoqda. Bu esa hashamni yoqtirmaydigan, biroq yangi tendensiyalarga ega smartfonni xohlaydigan xaridorlar uchun ayni muddao. Xiaomi Redmi 5 va Redmi 5 Plus -- mana shu istak va izlanishlar mahsuli.

Avvalboshdanoq aytish kerakki, Xiaomi Redmi 5 va Redmi 5 Plus hadeb suratga tushmaydigan, "top" samaradorlik ortidan chopmaydigan, biroq displeyda tasvir va tomosha ko‘rishga ishtiyoqmand odamlar uchun.

Yangi smartfonlar dizayni to‘g‘risida ixchamgina qilib yozish mumkin: agar sizga Xiaomi'ga xos hamyonbop, shu bilan birga zamonaviy "istarali" va chiroyli gadjet ma’qul kelsa, bu yangi modellar aynan sizbop.

Dizaynerlarning universal ko‘rinishdagi zamonaviy apparat yaratishga harakat qilgani ko‘rinib turibdi. Smartfonlar ko‘rinishidanoq odamni o‘ziga maftun qiladi. Korpus bo‘ylab tortilgan nafis hoshiya, displey atrofidagi nozik hoshiya, 2,5D effektiga ega shisha, metalldan tayyorlangan orqa panel — 2017 yilning smartfoni uchun standart ko‘rinish hisoblanadi. Shunday bo‘lsa ham, cho‘zilgan va kattalashgan displey evaziga qimmatbaho ko‘rinish kasb etgan.

Xiaomi Redmi 5 5,7 dyuymli, HD+ piksel sig‘imli ekranga ega bo‘lgan bo‘lsa, "akasi"dagi ekran diagonali 5,99 dyuymli va FullHD+ sig‘imli. Shunday bo‘lsa-da, bir qarashdagi ularning ekranlari hajmidagi farqni sezish qiyin. Redmi 5'ning platforma ta’minoit quyidagicha: Snapdragon 450, 2/3 Gb operativ xotira, 16 Gb yoki 32 Gb doimiy xotira.

Unga 14 nanometrli texnik jarayonda qayta ishlaydigan Qualcomm Snapdragon 450 protsessor o‘rnatilgan. Ko‘rinib turibdiki, ishlab chiqaruvchi imkon qadar hamyonbop gadjet yaratishda "oltin o‘rtalik"ni tanlashga uringan. Injiq foydalanuvchilar uchun bu chip kerakli samaradorlikni ta’minlab bera olmasligi mumkin. Ushbu chip messenjerlar, video va boshqa vazifalarni bajarishda qiynalmaydi, shu bilan birga u quvvat tejash xususiyatiga ham ega.

Muhandislar kameralar borasida uzoq bosh qotirib o‘tirishmagan: gadjetlarga 5 Mp aniqligidagi, qolaversa "yumshoq" tusli fotochaqnoqqa ega old hamda 12 Mp aniqligidagi bosh kamera moduli o‘rnatilgan. Ulardan "ajdodlari"ga qaraganda bir oz sifatli suratlar kutish mumkin. Xiaomi Redmi 5'ning batareyka sig‘imi 3300 mA soat. Smartfon 2 ta sim-kartali, barmoq izlari skaneriga ega hamda Android Nougat'ning MIUI 9 talqinida faoliyat ko‘rsatadi.

Xiaomi Redmi 5 Plus funksiyalari ham deyarli shunday, biroq unga nisbatan ilg‘or va yangi Snapdragon 625 platformasi o‘rnatilgan. Uning 2 xil xotiraga ega talqini ishlab chiqariladi: 3/32 Gb hamda 4/64 Gb. Shu bilan birga, batareyasining tok sig‘imi 4000 mA soat. Ma’lum qilinishicha, to‘liq quvvat devaysga 2 kun ishlashiga yetadi.

Yangi gadjetlar moviy, tilla rang, qora hamda pushti rangdagi korpuslarda ishlab chiqariladi.

Xitoyda Xiaomi Redmi 5'ning eng arzoni (2/16 Gb) uchun $120, 3/32 Gb talqini uchun esa $135 dollar narx belgilangan. Xiaomi Redmi 5 Plus'ning standart (3/32 Gb) talqini $150 hamda 4/64 Gb versiyasi $196 dollardan sotuvga chiqariladi.

Har ikkala model 12 dekabrdan sotila boshlaydi. An’anaga ko‘ra, bu narxlar evaziga xuddi shunday imkoniyat va jihatlarga ega boshqa biror bir smartfon xarid qilish qiyin. Bu gal ham "xitoylik Olma" maqbul narx evaziga ajoyib smartfon taklif qilmoqda.

Xiaomi Redmi 5 texnik jihatlari:
Korpus materiali: metall, shisha;
Operatsion tizim: Android Nougat, MIUI 9
Aloqa tarmoqlari: 2 ta sim-kartali, GSM (1/3/5/8), CDMA (BCO), WCDMA (1/2/5/8), TD-SCDMA (34/39), TDD-LTE (34/38/39/40/41), FDD-LTE (1/3/5/7/8);
Displey: IPS 5,7'', sig‘imi 1440x720 piksel (HD+), tomonlar nisbati 18:9 standartida, ekranning yorug‘lik miqdori 450 nit, kontrast 1000:1, 72% NTSC;
Protsessor: Qualcomm Snapdragon 450, 8 yadro (Cortex-A53), 1,8 GGs chastota tezligi, 64 bit, 14nm;
Grafik chip: Adreno 506;
Operativ xotira: 2/3 Gb;
Doimiy xotira: 16/32 Gb, microSD mavjud;
Interfeys: Wi-Fi 802.11 b/g/n 2.4 GGs, Bluetooth 4.2, quvvatlash/sinxronizatsiya uchun microUSB, 3.5 mm.li garnitur;
Bosh kamera: 12 Mp (f/2.2), 5 linzali, piksel hajmi -- 1,25 mkm hamda PDAF texnologiyasi;
Old kamera: 5 Mp, fotochaqnoq;
Navigatsiya: GPS, GLONASS, BeiDou;
Qo‘shimcha: Barmoq izlari skaneri;
Batareya: litiy-polimer (Li-Pol), 3300 mA soat sig‘imli;
O‘lchamlari: 151,8 mm x 72,8 mm x 7,7 mm;
Vazni: 157 gramm.



Xiaomi Redmi 5 Plus'ning texnik jihatlari:
Korpus materiali: metall, shisha;
Operatsion tizim: Android Nougat, MIUI 9;
Aloqa tarmoqlari: 2 ta sim-kartali, GSM (1/3/5/8), CDMA (BCO), WCDMA (1/2/5/8), TD-SCDMA (34/39), TDD-LTE (34/38/39/40/41), FDD-LTE (1/3/5/7/8);
Displey: IPS 5,99'', sig‘imi 2160x1080 piksel (FullHD+), tomonlar nisbati 18:9, ekran yorug‘ligi miqdori 450nit, kontrast 1000:1, 84% NTSC;
Protsessor: 14 nm, Snapdragon 625, 8 yadroli (Cortex-A53 2,0 GGs);
Grafik chip: Adreno 506;
Operativ xotira: 3/4 Gb;
Doimiy xotira: 32/64 Gb, microSD mavjud;
Interfeys: Wi-Fi 802.11 b/g/n 2.4 GGs, Bluetooth 4.2, microUSB porti, 3.5 mm.li garnitur;
Bosh kamera: 12 Mp (f/2.2), 5 linzali, piksel hajmi 1,25 mkm va PDAF texnologiyasi;
Old kamera: 5 Mp, fotochaqnoq;
Navigatsiya: GPS, GLONASS, BeiDou;
Qo‘shimcha: barmoq izlari skaneri;
Batareya: litiy-polimer (Li-Pol), tok sig‘imi 4000 mA soat;
O‘lchamlari: 158,5 mm x 75,45 mm x 8,05 mm;
Vazni: 180 gramm.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!