Xiaomi Redmi 6 – hayratomuz hamyonbop

Xiaomi Redmi 6 – hayratomuz hamyonbop

Aksariyat odamlarning fikricha, hamyonbop smartfon har jihatdan kamchiliklarga to‘la bo‘ladi. Misol uchun, arzon bo‘lgandan keyin faoliyati sekin bo‘ladi hamda ko‘p o‘tmasdan korpus shaqir-shuqir qila boshlaydi, degan fikrlarga hamma ishonadi. Sababi, Samsung, LG, Sony, HTC hamda boshqa brendlarning arzon smartfonlarida xuddi shunday muammolar kuzatilgan. Mazkur kompaniyalar xaridorlarni qimmat modellarga ko‘proq to‘lashga majbur qilish uchun ham ana shunday marketing siyosatini yuritganlar.

Xiaomi esa arzon smartfon bozoridagi bunday xatoliklarni tuzatishga hamda xaridorlar ongidagi bunday qarashlarni bartaraf qilishda davom etadi. Jumladan, yangi haftada kutilayotgan Xiaomi Redmi 6 smartfoni ham smartfon bozoridagi muhim voqealardan biri bo‘ladi.

XiaomiToday insayderlik nashrining ma’lum qilishicha, ushbu "aqlli telefon" narxiga nisbatan hayratomuz texnik imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Misol uchun, smartfonning boshlang‘ich talqini 120 AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu mobil qurilma 5,8 dyuymli IPS ekran bilan ta’minlangan. Uning piksel sig‘imi ham yuqori -- 2280 ga 1080 ta piksel (FHD+). Ekranning tomonlari nisbati zamonaviy -- 18,7:9. Shu bilan birga, displeyga Corning Gorilla Glass 4 himoya shishasi yotqiziladi. Bu himoya shishasi qayrilma shakldagi 2.5D effektiga ega bo‘ladi.

Xiaomi Redmi 6 modelining qolgan o‘ziga xos jihatlari sifatida 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 625 protsessorini aytish mumkin. Uning chastota intervali 2,0 GGs.ni tashkil qiladi.

Smartfonning 2/3/4 gigabayt hajmli tezkor xotiraga ega talqinlari ishlab chiqariladi. Mos ravishda ularga 16/32/64 gigabaytli doimiy xotira o‘rnatiladi.

Xiaomi Redmi 6 smartfoni 2 ta SIM-kartani qo‘llab-quvvatlaydi. Unda barmoq izi skaneri bo‘ladi.

Devaysning bosh kamerasi 12 Mp + 5 megapikselli qo‘sh sensorlardan iborat bo‘ladi. Old kamera uchun 16 megapiksel aniqligidagi sensor o‘rnatilgan. Old kamerada Face Unlock tizimi ham tatbiq qilingani aytilmoqda.

Gadjetda Wi-Fi 802.11n (2,4 GGs + 5 GGs), Bluetotoh 5.0, GPS, A-GPS hamda GLONASS modullari, 4G VoLTE aloqa tarmog‘iga mo‘ljallangan modem, Quick Charge 2.0 texnologiyasi bo‘yicha tezkor quvvat oladigan 3890 mA soat tok sig‘imiga ega akkumulyator bo‘ladi.

Zarurat tug‘ilganida, Xiaomi Redmi 6 modelining microSD bo‘lmachasiga ma’lumot sig‘imi 256 GB bo‘lgan xotira kartasini o‘rnatish mumkin.

Xiaomi Redmi 6 korpusi metalldan tayyorlangan bo‘lsa ham, orqa panelning yuqori va quyisida plastik uloqlar mavjud.

Smartfon o‘lchamlari: 149,33 × 71,68 × 8,75 mm, vazni esa 178 gramm.

Xiaomi Redmi 6 hamyonbop smartfoni qadoqdayoq Android 8.1 Oreo'ning o‘zlashtirilgan MIUI 9 operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rasatadi. Project Treble funksiyasiga ega smartfon Google kompaniyasidan dasturiy yangilanishlarni tezkor olib turadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!