Xiaomi xodimi tasodifan yangi smartfonni «sotib qo‘ydi»

  •   DiMaX
  •  2870
  •  04.10.2017 10:40

Xiaomi xodimi tasodifan yangi smartfonni «sotib qo‘ydi»

Mazkur smartfonsoz allaqachon Redmi Note 5 modelini tayyorlab bo‘lgan va uni faol tarzda sinovlardan o‘tkazmoqda. Xiaomi uni sir tutayotgandi, ammo kuni kecha mazkur smartfonning «jonli» surati tasodifan internetga chiqib ketdi, deb yozadi AndroidPure.

Gap shundaki, kompaniyaning bir xodimi Weibo tarmog‘iga joylagan suratda u xaridorlar bilan birga selfi qilyapti. Qo‘lida esa – g‘ilof bilan yashirilgan, ammo shu paytgacha chiqarilgan birorta modelga o‘xshamaydigan smartfon.

Taxminlarga ko‘ra, bu o‘sha – hozircha rasman taqdim etilmagan Redmi Note 5 qurilmasidir. Xiaomi uni sakkiz yadroli Snapdragon 630 yoki 660 protsessori bilan jihozlagan. Gadjet 3/4 GB tezkor va 32/64 GB doimiy xotira bilan ta’minlangan. Akkumulyatori sig‘imi 3790 mA/soat bo‘lib, QuickCharge 3.0 texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘lishi kutilmoqda.

Ushbu smartfonning asosiy kamerasi qo‘shaloq 13 megapikselli ob’yektivga ega bo‘lib, mashina ta’limi texnologiyasini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Buning sharofati bilan, Xiaomi Redmi Note 5 tashqi muhit sharoitlarini hisobda olib, avtomatik tarzda rejimlarni o‘zi tanlab, sozlab suratga oladi.

Ishlab chiqaruvchi Redmi Note 5 uchun Android 7.1 Nougat tizimini tanlashi va keyinchalik uni Oreo talqinigacha yangilash imkoni mavjud bo‘lishi taxmin qilinayotir.

Aytish kerakki, mazkur kompaniya yo‘lboshchisi Ley Szyun yaqindagina jamoasida axborot qattiq himoya qilinishi, axborotni tashqarga chiqargan xodim katta iqtisodiy jarimaga tortilishini ma’lum qilgan edi. Shunga qaramasdan, avvalroq ham Redmi Note 5 smartfonining suratlari va unga tegishli ma’lumotlar tarqalgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!