Xitoy aholini "Jinwang" ilovasidan foydalanishga majburlamoqda

Xitoy aholini

Rivojlangan mamlakatlarda hukumatlarning virtual josuslik yo‘li bilan fuqarolarning mobil aloqa vositalarini xufyona kuzatib borishi sir emas. Biroq, Xitoy hukumati fuqarolarini ularni kuzatishga mo‘ljallangan ilovani o‘rnatishga ochiqchasiga majburlamoqda. Bu to‘g‘rida Mashable axborot texnologiyalari sayti xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, hukumat aksariyat aholisi musulmon bo‘lgan Sinszyan-Uyg‘ur avtonom rayonida istiqomat qiluvchi fuqarolarga smartfonlariga "kuzatuv ilovasi"ni 10 kun ichida yuklab olish va o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Aks holda, fuqarolarga hukumat qonunlariga bo‘ysunmaslik bo‘yicha ayblovlar qo‘llaniladi.

"Jinwang" nomli ilova smartfondagi fayllarni monitoring qiladi, terroristik va noqonuniy diniy video va suratlarni, diniy kitoblarni hamda qonunga xilof elektron hujjatlarni avtomatik ravishda aniqlaydi. Ilova foydalanuvchiga bu fayllarni o‘chirib tashlashni taklif qiladi. Shuningdek, ilova foydalanuvchining Xitoyning ommalashgan Weibo hamda WeChat tarmoqlaridagi xatti-harakatlarini ham kuzatib boradi va tegishli idoralarni bu ma’lumotlardan xabardor qiladi.

Sinszyan-Uyg‘ur ko‘p e’tiqodli va elatli hudud bo‘lib, 8 ta davlat bilan chegaradosh. Bu hududda so‘nggi vaqtlarda diniy va siyosiy ziddiyatlar kuchayib bormoqda. Hukumat fuqarolarni onlayn kuzatish va ularning shaxsiy ma’lumotlarini to‘plash orqali bu yerda tartib saqlashga urinmoqda. Bu esa inson haq-huquqlari daxlsizligiga zid, albatta.