Xitoy va Amerika hukumatlararo shoshilinch telefon tarmog‘ini yaratadi

Xitoy va Amerika hukumatlararo shoshilinch telefon tarmog‘ini yaratadi

Mazkur shoshilinch telefon tarmog‘i ikki mamlakatga fazoviy chegaralarga oid masalalar yuzasidan ma’lumot almashish, muzokara olib borish uchun xizmat qiladi.

“Sovuq urushi” davrida Kreml va Oq uy o‘rtasida sun’iy yo‘ldoshlar faoliyatini, umuman fazoviy masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida, tashkil qilingan favqulotda telefon tarmog‘i kosmik chegaralar bilan bog‘liq anglashilmovchilikning, tomonlarga tegishli bo‘lgan kosmik qurilmalarning yo‘q qilinishining oldini olgan.

Xitoyning iqtisodiy va harbiy jihatdan rivojlanib borayotgani tarixning o‘z-o‘zini takrorlashiga sabab bo‘lmoqda. Ya’ni, AQSh bu gal Xitoy bilan xuddi shunday shoshilinch telefon liniyasini yaratish kelishuvini imzolagan. Bugungi kungacha bunday masalalar diplomatik aloqalar yordamida olib borilgan muzokaralar yordamida yechimini topgan. Endi esa nizolarni o‘z vaqtida hal qilish mumkin bo‘ladi. Bu kelishuv tomonlarga fazoda axborot to‘plash tarmoqlarini yaratish, sun’iy yo‘ldoshlar, raketa va boshqa moslamalarning harakatlanishi, sinovi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan orbital nizolarning o‘z vaqtida hal qilinishini ta’minlaydi.

Garchi, fazoni harbiy qurol-yarog‘ va vositalardan holi hududga aylantirish borasida sa’y-harakatlar olib borilayotgan bo‘lsa ham, kosmosda keng ko‘lamli amaliyot olib borish layoqatiga ega kuchli (Xitoy, Rossiya va AQSh) mamlakatlar ba’zi bir hukumatlar tomonidan josuslik vositasi sanalgan sun’iy yo‘ldoshlarning o‘z mamlakatlari hududida harakatlanishiga qarshi himoya qurollari yaratilishini qo‘llab-quvvatlab kelishmoqda.

Mutaxassislar anglashilmovchilik oqibatida kosmik qurilmalarga uyushtirilgan hujum noto‘g‘ri talqin qilinishi natijasida davlatlar o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi kelib chiqishi mumkinligini, favqulotda foydalaniluvchi aloqa tarmoqlari mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamligiga, sayyoramizdagi tinchlikka xizmat qilishini ta’kidlashmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.