Xitoyda mahalliy “iPhone 8” sotuvga chiqdi

Xitoyda mahalliy “iPhone 8” sotuvga chiqdi

“Smartfon fabrikasi” deya ataluvchi Xitoy xohlagan modeldagi smartfonlarning soxta talqinini yarata olishi bilan mashhur. Pulning ketidan quvgan ishlab chiqaruvchilarning taniqli brendlardan ilhomlanib yaratgan o‘xshatma smartfonlari aslidan bir necha barobar arzon. O‘tgan haftada Xitoyda Apple hali taqdim qilmagan iPhone 8 smartfonining klouni 300 AQSh dollaridan sotuvga chiqqan. Bu smartfon Android operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi.

Ma’lum bo‘lishicha, Apple’ning keyingi ayfoniga oid render va gap-so‘zlar asosida o‘zlashtirilgan soxta iPhone 8’ning old paneli to‘liq ekrandan iborat. Ekran atrofi juda yupqa rom bilan o‘ralgan. Shuningdek, uning orqa panelidagi qo‘sh kameralari ham vertikal holatda joylashgan. Bosh kameradan quyiroqda esa barmoq izlari skaneri mavjud. Smartfon korpusi metalldan tayyorlangan va hattoki unga Apple logotipi tushirilgan.

Xitoylik bu havaskor gadjet 200 AQSh dollaridan pullanmoqda. U texnik jihatdan kamchiliklarga boy va iPhone 8 bo‘la olmaydi. Shunga qaramasdan, Xitoyda bunday smartfonlarga ehtiyoj yuqori.

Apple korporatsiyasi ayfonning 8-avlodini taqdim qilmagani uchun hozircha «iPhone 8» ishlab chiqaruvchilarini sudga bera olmasligi mumkin. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarining esa mahsulotlarini sotishlari uchun kuzgacha vaqtlari bor. Kuzda taqdim qilinishi kutilayotgan original iPhone 8’ning $1000 dollardan sotilishi aytilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!