Xitoyda soxta Nokia 3310 sotuvga chiqdi

Xitoyda soxta Nokia 3310 sotuvga chiqdi

Nokia 3310 rasman sotuvga chiqib ulgurmasidan xitoylik shovvoz ishlab chiqaruvchilar uning klonlashtirilgan talqinini sotuvga chiqarishdi. Bu to‘g‘rida Xitoyning taniqli Gizmochina nashri xabar bermoqda.

Nashrning qayd etishicha, Nokia 3310’ning nusxasi shu qadar mahorat bilan ishlanganki, har kim ham uni aslidan ajrata olmaydi. Biroq, bir qancha ko‘zga tashlanmas farqlar bor. Quyida ularni bayon qilamiz.

Birinchidan, qurilma ekraniga e’tibor qaratish lozim. Soxtalashtirilgan Nokia 3310’da “menyu” virtual belgisi ekranning chap tomonida joylashgan. Original telefonda esa “menyu” yozuvi ekran quyisida, markazda joylashgan. “O‘tish” (Go to) yozuvi esa soxta talqinda mavjud emas. Shuningdek, asl talqinda ekranning sifati yuqori. Xitoy telefonida esa ekran sig‘imi past.

Yana bir farq — klaviatura. Xitoy klonida klaviatura tugmalari kichik va qora siyohda yozilgan. Original telefon klaviaturasining tugmalari katta va kumush tusli qoplamaga ega. Shuningdek, soxta telefon korpusi sezilarli darajadagi xira tusga ega.

Shuningdek, yana bir jihatga alohida e’tibor qaratish lozim — soxta Nokia 3310 telefoni aloqa ma’muriyatidan guvohnomaga ega emas. Shu sababli, undan foydalanish maqsadga muvofiq emas. Shuning uchun ham, unda aloqa qilish zararli bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, yangilangan Nokia 3310 telefoni 2017 yilning 26 fevral kuni Barselonada o‘tkazilgan MWC 2017 jahon mobil kongressida taqdim qilingan. Qurilma 2,4 dyuymli QVGA-displeyga, 2 megapikselli kamerv va MicroSD-bo‘lmachaga ega.

Nokia 3310’ning Yevropada 15 maydan €49 yevrodan sotuvga chiqarilishi ma’lum qilingan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!