Xitoyda "Arzon Galaxy S8" taqdim qilindi

Xitoyda

So‘nggi paytlarda Samsung hamyonbop va o‘rta narxli smartfon bozorida o‘z o‘rnini keskin yo‘qotib bormoqda. Buning bosh sababi Xitoyda yaxshi smartfonlarni nisbatan arzon narxda ishlab chiqarayotgan kompaniyalar edi. Shu bois, bu yil koreyalik ishlab chiqaruvchi o‘z siyosatini bir oz o‘zgartirishga qaror qildi.

Kompaniya tarixida Galaxy S8 modeli alohida o‘ringa ega. Qiyin davrlarda bu flagman kompaniya nufuzini qayta tikladi. Shu sababli, Samsung kompaniyasi Galaxy S8 modelining "Lite", ya’ni texnik jihatdan bir oz quyiroq, ammo ko‘rinishidan mazkur modelni eslatadigan, shu bilan birga, ancha arzon devaysni ishlab chiqarishga qaror qildi.

Galaxy S Light Luxury modelining ishchi nomi "SM-G8750" va u bugun Xitoyda rasman taqdim qilindi.

Galaxy S Light Luxury jihatlari hamda narxlari

Smartfonga qarashingiz bilan siz ko‘z oldingizda Galaxy S8 modelini ko‘rasiz. 18.5:9 o‘lchamli smartfon 5.8 dyuymli "Infinity Display" bilan ta’minlangan. Ekranning piksellar sig‘imi FHD+.

Galaxy S Light Luxury uchun 8 megapikselli old hamda 16 megapikselli bosh kamera tayyorlangan. Orqa panelda barmoq izi skaneri mavjud. Biroq, bu gal kompaniya uning yoniga yurak urishini o‘lchaydigan sensorni o‘rnatmagan.

Galaxy S Light Luxury korpusi ham IP68 standarti bo‘yicha suv hamda changdan himoya qilingan. Korpusda ovozli yordamchi tizimni chaqirish uchun Bixby tugmasi ham bor.

Qo‘shimcha jihatlar qatorida smartfonning 4G LTE aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashini aytish mumkin. Shu bilan birga, smartfonda Samsung Pay to‘lov tizimi, simsiz quvvatlash hamda ko‘zning rangdor pardasini skanerlash orqali tizimni ochish hamda qiyofani tanish kabi funksiyalar ham joriy qilingan.

Arzon talqin bo‘lgani bois, mazkur modelda kuchli Snapdragon 835 protsessori emas, undan 2-3 qadam orqada bo‘lgan Snapdragon 660 chipsetini uchratamiz. Shuningdek, tezkor xotira uchun 4 gigabaytli, doimiy xotira uchun 64 gigabaytli xotira kartalari tanlangan.

Akkumulyator sig‘imi 3,000 mA soat bo‘lgan smartfon Android 8.0 Oreo operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi.

Galaxy S Light Luxury modeli "arzon" deyilgani bilan uncha-muncha xaridorni "qochirib yuboradi". Uning Xitoydagi bahosi $625 dollar, ya’ni asl Galaxy S8 modelidan ancha arzon.

Galaxy S8 hamda S8 Plus 2017 yilning 21 aprelidan sotuvga chiqqan edi va 799 hamda 899 AQSh dollariga baholangan. Yurtimiz smartfon bozorida 2017 yilning 10 mayidan boshlab bu gadjetlar 5.7 hamda 6.7 million so‘mdan sotilgan. Ayni paytda esa Samsung Galaxy S8 modelining yurtimizdagi bahosi 4 469 000 so‘mga tushgan.

Galaxy S Light Luxury modeliga birinchi iyunga qadar oldindan buyurtma berishga ulgurganlar uni $578 dollardan boshlab sotib olishga muvaffaq bo‘ladi.

Galaxy S Light Luxury smartfoni "Burgundy Red" (to‘q qizil) hamda Midnight Black (tim qora) rangli korpuslarda ishlab chiqariladi. Smartfonga qo‘shib mashhur AKG brendining audio quloqchinlari ham taqdim qilinadi. Bepul beriladigan bu quloqchinning bozordagi bahosi 100 AQSh dollaridan ziyod. Galaxy S8 qadog‘ida ham bunday yoqimli quloqchin bo‘lgan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!