Xitoylik milliarder Jek Ma bitkoin haqida fikrini aytdi

Xitoylik milliarder Jek Ma bitkoin haqida fikrini aytdi

Xitoylik biznes magnati Jek Ma bugun hammaning og‘ziga tushgan bitkoin kriptovalyutasi haqida to‘xtalib, hech qachon bu "virtual oltin"ga qiziqish bildirmaganini ma’lum qildi. Biroq, uning kompaniyasi nazariy jihatdan kriptovalyuta asosi hisoblangan blokcheyn rivoji uchun salmoqli mablag‘ sarflamoqda.

CNBC telekanali bilan suhbatda Alibaba asoschisi va Xitoyning eng boy kishisi yaqinda Xitoyda bo‘lib o‘tgan Jahon Internet Konferensiyasida ham undan bitkoin xususida ko‘p marotaba so‘rashganini aytadi.

"To‘g‘risini aytdim, men bitkoin to‘g‘risida juda kam bilaman va bu tizimni yaxshi tushunmayman", deydi janob Ma.

$38.6 mlrd dollar boylikka egalik qiluvchi milliarderning fikricha, raqamli valyuta tizimi jahonning iqtisodiy qiyofasini, jumladan xalqaro savdo-sotiq va moliyaviy qoidalarni tubdan o‘zgartirib yuborishga qodir kuchga ega. Alibaba pul tikayotgan blokcheyn texnologiyasi esa bugungi iqtisodiy tartiblarga amal qiladi. Jumladan, kompaniyaning bu yo‘nalishdagi tashabbuslari odamlar sog‘ligini himoya qilish hamda noqonuniy savdo-sotiqni oldini olishga qaratilgan.

"Biz virtual valyutaga hali tayyor emasmiz. Bu vosita hozircha korrupsiya va jinoyat uchun ayni muddao. Men bor diqqatimni AliPay mobil to‘lov tizimiga qaratganman. Bitkoin esa men uchun emas. Biz Xitoyda naqdsiz savdo-sotiqni rivojlantirishga harakat qilyapmiz. Sababi, bu jamiyat rivoji uchun samarali, ochiq-oshkoralikni ta’minlaydigan va korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydigan tizim".

Aytish joizki, so‘nggi vaqtlarda bitkoin valyutasiga qiziqish keskin oshib bormoqda. Uni xarid qilish istagidagi minglab amerikaliklar o‘z uy-joylarini ham garovga qo‘yishdan qaytishmayapti.

Bitkoin kriptovalyutasi–bu ishonchga emas, balki kriptografik kodlash tizimiga asoslangan, o‘zaro hech qanday vositachilarsiz (bank yoki boshqa moliyaviy instrumentlar) to‘lovlarni bevosita ishtirokchilar o‘rtasida amalga oshirilishini ta’minlovchi to‘lov tizimi valyutasidir. Bunda nazorat qiluvchi organlarsiz, tangalarning haqiqiyligi murakkab matematik algoritmlar asosida tasdiqlanadigan tizim amal qilgan holda ishtirokchilarning har biri ushbu tangalarni emissiya qilishi ham mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!