Xitoyning hurmati eng yuqori 10 ta kompaniyasi

Xitoyning hurmati eng yuqori 10 ta kompaniyasi

So‘nggi o‘n yildirki, Xitoyda yirik kompaniyalar soni keskin oshib ketdi. Ular orasida ayni paytda jahon bozorining eng katta ishlab chiqaruvchilaridan hisoblanganlari ham ko‘p. Ekspert va iqtisodchilarning fikrlariga ko‘ra, bu kompaniyalar shu sur’atda rivojlanishda davom etsalar, tez orada AQSh, Yevropa hamda boshqa rivojlangan mamlakatlardagi raqobatchilarini ortda qoldiradilar.

2018 yilning 24 mayida Xitoydagi eng nufuzi yuqori, aholi hurmatiga sazovor IT-kompaniyalar reytingi ma’lum qilindi. Mazkur reytingni shakllantirishda ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarning Xitoydagi hamda jahondagi foydalanuvchilarining fikrlari yaqindan o‘rganildi.

Reputation Institute hamda Racepoint Global an’anaviy tadqiqot natijalariga ko‘ra, birinchi o‘ringa 100 dan 72,5 ball olgan Huawei kompaniyasi munosib ko‘rilgan. Ikkinchi o‘rinda esa 70,7 ball bilan Haier turibdi.

Aytish kerakki, Huawei kompaniyasi "kuchli o‘ntalik"dan joy olgan smartfon ishlab chiqaruvchi va sotuvchi yagona kompaniya. Ehtimol, shu bois ham uning nufuzi xitoyliklar orasida yuqori bo‘lsa kerak. Shu bilan birga, tahlilchilar e’lon qilgan umumiy reytingda xitoylik va xalqaro kompaniyalar nomlari ham kiritildi. Unga ko‘ra Intel 73,6 ball bilan jahonning eng hurmati baland kompaniyasi deb topilgan. Huawei esa ikkinchi o‘ringa tushgan.

Reytingning uchinchi o‘rnida Google (71), keyingi o‘rinlarda Nokia (70,4), Microsoft (69,7) kabi ishlab chiqaruvchilar turibdi. Apple esa bor-yo‘g‘i 69,7 ball to‘plab sakkizinchi o‘rinda turibdi.

Ko‘pchilikning fikricha, Huawei shu taxlit rivojlansa, tez orada Intel salohiyatiga yetib oladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!