Xorijiy tillarni saytlarda o‘rganamiz

  •   DiMaX
  •  2528
  •  15.02.2017 12:17

Xorijiy tillarni saytlarda o‘rganamiz

Xorijiy tilni o‘rganishda eng muhim jihatlardan biri – nutq amaliyoti ekanini bilamiz. Layfxaker sayti bu borada yordam beruvchi quyidagi saytlarda muloqot qilish orqali yozma nutqingizni o‘stirishni tavsiya etadi.

Hellolingo

Bu – xorijiy tillarda muloqotga moslashgan va 2015 yilda yopilgan Sharedtalk.com saytining yangi versiyasidir. Hellolingo suhbatdosh izlashda o‘ta soddaligi bilan ajralib turadi. Profilingiz anketasini to‘ldirasiz, umumiy chatga kirasiz va kim bilan suhbatlashishni tanlaysiz. Foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlar minimum darajada: mamlakati, jinsi, yoshi, ona tili va o‘rganayotgan tili.

O‘z yo‘nalishidagi boshqa saytlardan farqli ravishda, Hellolingo’da avatarkaga fotosurat qo‘yish imkoni yo‘q. Bu bilan sayt mualliflari, saytda chet tilida muloqot amaliyoti o‘rniga shunchaki tanishib, chiroyli ayol-qizlarga gap otib yuradiganlar sonini imkon qadar kamaytirishni maqsad qilishgan.

Suhbatdosh bilan yozisha boshlagach, siz u bilan ovozli tarzda gaplashishingiz imkoni ham mavjud. Oldin yozishmay turib qo‘ng‘iroq qilib bo‘lmaydi. Shuningdek, saytda Voice Chat ++ chati ham bor, lekin u qo‘ng‘iroqlashish uchun emas, balki faqat kontakt ma’lumotlarini o‘zaro almashishga mo‘ljallangan. Masalan, Skype’dagi o‘z akkauntingiz ID’sini ko‘rsatishingiz va Skype orqali subatlashishga chorlashingiz mumkin.

Agarda chatda o‘zingizga mos suhbatdosh topa olmasangiz – muammo emas: «Find a Language Partner» bo‘limiga o‘tasiz. Bu yerda ayni paytda onlayn bo‘lmagan istalgan foydalanuvchiga ham yozsangiz bo‘laveradi.

Speaky

Til bo‘yicha ijtimoiy tarmoq hisoblanuvchi ushbu sayt ilgari Gospeaky deb nomlangan. Vazifasiga ko‘ra uning Hellolingo’dan farqi kam, faqat Speaky’ning dizayni yorqinroq, jonliroq, shuningdek, Android tizimli qurilmalar uchun mobil ilovasi ham bor.

Ushbu saytda suhbatdosh izlash yanada qulaylashtirilgan: agar siz faqat «native speakers» toifasidagi yuzerlarni izlayotgan bo‘lsangiz, shu til sohibi bo‘lmagan boshqalarini filtr yordamida yashirishingiz mumkin. Muloqot faqatgina matnli chatda olib boriladi, ovozli aloqa bu saytda yo‘q. Uning ko‘p foydalanuvchilari odatda o‘zaro kontaktlarini olishib, Skype yoki boshqa biror muloqot vositasi orqali ham gaplashishadi.

Chatning qiziq bir xususiyati mavjud – unda yozilgan xabarlarning matniga o‘zgartirish kiritish mumkin. Nafaqat o‘zingiz yozgan, hatto suhbatdoshingiz yozgan xabarning ham matnini tahrirlashingiz mumkin. Bu ham kerakli funksiya – masalan, xatolaringizni to‘g‘rilashini suhbatdoshingizdan so‘rashingiz mumkin. Bunday hollarda siz yozgan xato matn usti chizilib, yonida suhbatdoshingiz tomonidan to‘g‘ri yozilgan varianti paydo bo‘ladi.

Speaky mobil ilovasi ham funksionalligi bo‘yicha veb-versiyasidan qolishmaydi, ammo unda yozishish unchalik ham qulay emas. Ko‘pchilik foydalanuvchilar ehtiyojlariga mos – messenjerlar uchun standart bo‘lgan rasm jo‘natish, ovozli xabarlar yuborish kabi funksiyalar unda yo‘q.

Lang-8

Mazkur saytning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u chatda yozishish emas, balki turli matnlar, insho, maqolachalar yozishish orqali yozma nutqni o‘stirishga ixtisoslashgan.

Xorijiy tilda savodli tarzda yozishni o‘rganish oson emas – buning uchun yaxshi so‘z boyligiga va grammatika bo‘yicha bilimga ega bo‘lish lozim. Bu borada amaliyotning eng yaxshi usullaridan biri – matnni yozib, uni tekshirtirish uchun shu til sohiblariga berish. Aynan mana shuning uchun Lang-8 sayti juda qo‘l keladi.

Saytda chet tilida blog yuritish lozim bo‘ladi, blogingiz ichida esa o‘zingiz istagan turdagi matnlarni yozishingiz mumkin. Blogpostni u yerda chop etganingizdan keyin u yozilgan til sohiblari matnni tekshirib, izohlashadi. Tekshiruv interfeysi ham qulay ishlangan: to‘g‘rilangan so‘zlar ustidan chiziladi, qo‘shilganlari esa boshqa rang bilan ajratib ko‘rsatiladi.

Darvoqe, saytdagi faolligingiz ham rag‘batlantirib boriladi. Tahrirlash ishlaringiz uchun L-points deb nomlanuvchi ochkolar beriladi. Ochkolaringiz soni qancha ko‘p bo‘lsa, sizning yozuvlaringiz boshqa foydalanuvchilarning tasmasida shuncha ko‘proq ko‘rsatiladi. Tabiiyki, bitiklaringizni tahrir etishlarini ko‘p kutib qolmaysiz bunda.

Lang-8 saytida ijtimoiy tarmoqning asosiy unsurlari – fotosuratlar, do‘stlikka qo‘shish, shaxsiy xabarlar kabi funksiyalar mavjud. Saytdan nafaqat til o‘rganish, balki shunchaki yozishib yurishga do‘stlar topish maqsadida ham foydalansa bo‘ladi.

Interpals

Interpals – til o‘rganishga bag‘ishlangan eng «qadimiy» saytlardan biri. U 1998 yildan beri faoliyat yuritadi va turli mamlakatlardan millionlab ishtirokchilari bor. Dizayni nisbatan eskicha bo‘lsa-da, mazkur ijtimoiy tarmoqda ishtirokchi ko‘p, shu bois yozishish uchun do‘stlar topish ancha oson kechadi.

Ijtimoiy tarmoq uchun talab etiladigan barcha funksiyalar ushbu saytda ham bor: bu yerda avatarka va fotoalbomlari bilan batafsil profil to‘ldirish, foydalanuvchilarning devorlaridagi muhokamalarda ishtirok etish, anketalar yordamida do‘stlar topish mumkin.

Hellolingo’dan farqli ravishda, Interpals yaratuvchilari o‘z foydalanuvchilariga ko‘proq erkinlik berishgan: bu yerda faqat til o‘rganmasdan, balki romantik munosabatlarga kirishish imkoni ham mavjud. Hatto qidiruv menyusida maxsus «Romance / Flirting» bo‘limi ham bor! Balki shuning uchundir, Interpals’ga ko‘pincha spam tushadi, ta’limiy maqsadlarga oid bo‘lmagan xatlar ham kelib turadi. Ulardan qutulish uchun esa maxfiylik sozlamalariga murojaat etish yetarli. Saytda «qora ro‘yxat» sozlamalari shu qadar puxta ishlanganki, muayyan jinsdagi, tegishli yoshdagi, biror mamlakatdagi foydalanuvchilarnigina bloklash imkoni ham bor!

Garchi dizayni bo‘yicha Speaky yoki Hellolingo’dan ancha orqada bo‘lsa ham, Interpals ularga nisbatan ancha keng ommalashgan.

Xo‘sh, xorijiy tilni o‘rganish borasidagi bilimlaringizni amalda sinab ko‘rish va takomillashtirish uchun saytlarga murojaat etishga tayyormisiz?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!