Yandex'dan "Midjourney": kompaniya o'zining matnni suratga aylantirib beradigan neyrotarmog'ini ishga tushirdi

Yandex'dan

Rossiyaning Yandex kompaniyasi o'zining "Shedevrum" nomli matnni suratga aylantirib beradigan Midjourney neyrotarmog'iga o'xshash xizmatining 0.1.4 beta versiyadagi mobil ilovasini ishga tushirdi. Ma'lum bo'lishicha, Shedevrum ham ingliz, ham rus tillarini tushunadi va unga "fotorealizm" va "yuqori aniqlik" kabi ko'rsatmalar bilan suratning qanchalik yaxshi tafsiloti berilsa, u shunchalik yaxshi surat tayyorlab beradi. Bunda neyrotarmoq suratlarni "kaskadli diffuziya" usulida yaratadi: matn tavsifi olingandan so'ng, sun'iy intellekt rasmning asosiy versiyasini yaratadi va shundan so'ng u rezolyutsiyani (piksellar sonini) oshiradi va bir necha bosqichda yangi detallarni qo'shadi.

Osmondagi ertaknamo shahar. Foto: Yandex (Shedevrum)
Jungli bilan o'ralgan tashlandiq Burj Xalifa, yirik planda. Foto: Yandex (Shedevrum)

Kompaniyaning ta'kidlashicha, dasturchilar "Shedevrum"ni ilk beta versiyaga tayyorlash uchun 240 million matn tafsilotli suratlardan foydlanishgan. O'qitish, o'rgatish jarayoni hozirda 500 milliondan ortiq suratlar bilan davom ettirilmoqda. Yandex kelasi yangilanishlarda suratlar sifati yanada yaxshilanishini va'da qilyapti.

"Yakuniy versiyaga qadar u bannerlar, illyustratsiyalar, onlayn-do'konlar uchun tasvirlar yaratish va boshqalarni amalga oshirishi mumkin bo'ladi", – deydi Yandex'ning Mashina intellekti va tadqiqotlari bo'limi rahbari Aleksey Gusakov.

"Shedevrum" mobil ilovasini siz App Store yoki Google Play Store orqali yuklab olishingiz mumkin.

Foto: iPhones.ru

Aytish kerakki, kecha taqdim qilingan ilova shu qadar mashhur bo'ldiki, u App Store'ning eng ko'p yuklab olingan ilovalar ro'yxatida birinchi o'rinni egallab oldi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!