Yangi iPhone'lar davri Apple uchun omadsiz boshlandi

Yangi iPhone'lar davri Apple uchun omadsiz boshlandi

Investorlar "Stiv Jobs teatri"da taqdim qilingan yangi avlod iPhone smartfonlarining imkoniyatlaridan u qadar ham qoniqmadilar. Natijada, Apple aksiyalarining birja kotirovkalari qiymati 0.4% ga tushib ketgan. To‘g‘ri, bu korporatsiya uchun jarlikka qulash degani emas. Shu bilan birga, bu yaxshi xabar ham emas. Boisi, shu vaqtga qadar o‘tkazilgan so‘nggi iPhone taqdimotlaridan so‘ng odatda birjadagi aksiyalar qiymati faqat oshib kelgan. 

Nega birjada yangi iPhone munosib baholanmadi

Buning bosh sabablaridan biri sifatida taqdimot chog‘ida iPhone X'ning Face ID -- qiyofani tanish funksiyasining kompaniya vitse-prezidenti Kreyg Federining qiyofasini tanimagani va tizimning osonlikcha blokirovkadan chiqmagani e’tirof etilmoqda.

Qolaversa, investorlarni iPhone X'ning narx-navosi ham cho‘chitib yuborgan. Harqalay 999 AQSh dollari kam pul degani emas. Shuningdek, Foxconn zavodi kerakli ayfonni o‘z vaqtida yetkazib berolmasligi bilan bog‘liq sabablar ham aksiyalar qiymatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.  

Drexel Hamilton tadqiqot kompaniyasi ekspertlarining fikricha, mazkur omadsizlik korporatsiyaga katta zarar keltirmaydi. Yangi ayfon esa OLED-ekran va Face Time texnologiyalari evaziga yaxshi sotiladi.

Qaysi iPhone'lar investorlarning e’tiborini tortgan?

Fortune nashri 10 yillik tarixga ega ayfon brendining taqdimotlaridan so‘ng Apple aksiyalari bahosining o‘sishini tahlil qilib, quyidagi xulosaga keldi. In­ve­sto­rlar fikricha, iPhone flagmanining ilk mo­deli eng yaxshisi bo‘lgan. Uning xizmati evaziga Apple aksiyalari bir yilda 119% ga qimmatlashgan. Undan so‘nggi o‘rinda iPhone 4s turibdi. U Apple aksiyalarining 69% o‘sishiga hissa qo‘shgan. "Uchlik"da iPhone 3GS turibdi. Keyingi o‘rin iPhone 7'ga nasib qilgan. Shuningdek, iPhone 3G (-10%), iPhone 6S (-15%), iPhone 5 (-36%) flagmanlarining ommalashishiga sarmoyadorlar shubha bilan qarashgan.

Manba: The Investor

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!