Yangi startap ta’tilingizni koinotda o‘tkazishni taklif qilmoqda

Yangi startap ta’tilingizni koinotda o‘tkazishni taklif qilmoqda

Biror marta navbatdagi ta’tilingizni koinotda suzib yurgan besh yulduzli mehmonxonada o‘tkazishni orzu qilganmisiz? Agar orzu qilgan bo‘lsangiz, bu atigi bir necha yil ichida ro‘yobga chiqishi mumkin.

Orion Span nomli faoliyatini koinot bilan bog‘lagan yangi texnologik startap Aurora Station nomli muhtasham fazoviy mehmonxonani yaratish ustida ish olib bormoqda. Mehmonxona 2021 yilda fazoga uchirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, agar ushbu reja ko‘ngildagidek amalga oshsa, 2022 yildan boshlab mehmonlarni qabul qila boshlaydi.

Bo‘lajak mehmonlarga koinotdagi 12 kundan iborat unutilmas ta’til taklif qilinmoqda. Mehmonlar bu mo‘’jaz, lekin keng imkoniyatlarga boy mehmonxonada WiFi, vaznsizlik, virtual voqelik va boshqa astronavtlargina boshdan kechirish imkoniyatiga ega bo‘lgan sarguzashtlarni sinab ko‘rishlari mumkin.

Mehmonxonada 12 kunlik dam olish bahosi ham uncha «qimmat» emas. «Atigi» $9,5 million evaziga bu chiptani sotib olishingiz, «bor-yog‘i» $80,000 ga esa navbatingizni oldinga surishingiz mumkin.

Aurora Station'da bir vaqtning o‘zida 6 kishi - to‘rt nafar mehmon va ikki nafar ekipaj a’zosi bo‘ladi. Stansiya Yerdan 320 kilometr balandlikda suzib yuradi va Yer atrofini har 90 daqiqada aylanib chiqadi. Natijada mehmonlar bir sutka ichida 16 marta quyosh botish va chiqish holatiga guvoh bo‘ladilar. Bundan tashqari sayyoramizda juda kam inson jonli guvoh bo‘ladigan Shimoliy va Janubiy Qutblarni ham ayni shu mehmonxonadan turib tomosha qilishingiz mumkin.

Biroq bu mehmonxonada dam olish uchun pul to‘lashning o‘zi kifoya emas. Dam olishga talabgorlar Orion Span'ning uch oylik astronavtlik dasturidan o‘tishlari talab qilinadi.

Ushbu dastur doirasidagi mashqlar davomida bo‘lajak dam oluvchilar koinotgacha havo kemasida uchib borishga tayyorgarlik ko‘rish, vaznsizlik holatida yashashga ko‘nikish va astronavtlar bajaradigan boshqa chiniqish mashqlarini o‘taydilar.

Ushbu o‘ziga xos mehmonxonada dam olish uchun 2019 yildan ariza topshirishingiz mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!