Yangi talqindagi Nokia 3310 taqdim qilindi

Yangi talqindagi Nokia 3310 taqdim qilindi

Ma’lumki, Nokia brendining mualliflik huquqi Finlyandiyaning HMD Global kompaniyasiga tegishli. Kompaniya bugun joriy yil boshida taqdim qilingan Nokia 3310'ning yangi talqini, aniqrog‘i aloqaning 3G tarmog‘ida ishlaydigan versiyasini namoyish qildi.

3G tarmog‘ining qo‘llab-quvvatlashi evaziga, Nokia 3310'dan endi Facebook, Twitter hamda Skype tarmoqlarida aloqa qurish mumkin bo‘ldi. Buning uchun kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan maxsus ilovalar telefon tizimiga joriy qilingan. Bundan tashqari, Nokia 3310 3G yangicha operatsion tizimga ham ega bo‘ldi.

3G tarmog‘ida ishlashga mo‘ljallangani bois, Nokia 3310 bir oz hajmdor va uning to‘liq quvvat bilan ishlash vaqti ham avvalgisidan kamroq. HMD Global'ning ma’lum qilishicha, telefonda 6,5 soat uzluksiz suhbat qurish, kutish rejimida esa undan 27 kun foydalanish mumkin.

HMD Global shuningdek, Nokia 3310 telefoni jahon miqyosida oktyabrning o‘rtalaridan 80 AQSh dollaridan, ya’ni avvalgisidan 20 dollarga qimmat narx bilan sotuvga chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, HMD Global kompaniyasi MWC 2017 Jahon Mobil Kongressi ko‘rgazmasi doirasida 26 fevral kuni, oradan 17 yil o‘tib Nokia 3310 yangi talqinda qayta rasman namoyish qilgan edi. 2G tarmog‘ida ishlaydigan telefonda 2,4 dyuymli rangli displey mavjud. Uning piksel sig‘imi QVGA (320x240)’ga teng. Telefon apparati microSD xotirani kengaytirish fleshkasiga mo‘ljallangan bo‘lmachaga ham ega. Qolaversa, MP3-pleyer orqali musiqa ham tinglash mumkin. To‘liq yangicha dizaynga ega telefon old panelida moddiy tugmalar qoldirilgan.

“Malika” maishiy texnika majmuasida uzoq kutilgan Nokia 3310 (2017) gadjeti shu kunlarda 120 AQSh dollarigacha sotilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!