Yangi virus qurilmangizni 10 soniyada buzib kira oladi! (+video)

  •   DiMaX
  •  3501
  •  18.09.2017 17:39

Yangi virus qurilmangizni 10 soniyada buzib kira oladi! (+video)

BlueBorne deb atalgan yangi kompyuter virusi xakerlarning istalgan qurilma himoyasini o‘n soniyadayoq buzib kirishlariga yo‘l ochib beradi. Buning uchun o‘sha qurilmada Bluetooth yoqiq bo‘lishi kifoya, deya xabar beradi Armis Labs kompaniyasi.

Kompaniya press-relizida yozilishicha, BlueBorne yordamida smartfon, planshet, noutbuk yo kompyuterning himoyasini buzib kirgach, xakerlar uning ustidan nazoratni to‘liq qo‘lga olishlari mumkin. Buning uchun jabrlanuvchi tomon biror harakatni amalga oshirishi shart emas, faqat qurilmasida Bluetooth yonib turgan bo‘lsa bas.

Armis Labs mutaxassislarining ta’kidlashlaricha, yangi virus juda tez tarqalishi mumkin, chunki u internet bog‘lanmasini talab etmaydi. Ya’ni, internetga ulanmagan devayslarda ham Bluetooth yoqiq bo‘lsa bo‘ldi – virus unisidan-bunisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tib ketaveradi.

«Har qanday qurilmada Bluetooth texnologiyasi keng imkoniyatlarga ega, shu bois ham, BlueBorne hujumiga uchragan gadjetlarni xakerlar to‘liq o‘z boshqaruvlariga olishlari mumkin», deya ogohlantirishadi Armis Labs ekspertlari.

BlueBorne virusi Android, Linux, Windows operatsion tizimlariga hamda iOS tizimining o‘ninchigacha bo‘lgan barcha talqinlariga kira oladi. Demak, Bluetooth’ga ega bo‘lgan har qanday qurilma mazkur kiberhujumga uchrashi ehtimoli mavjud.

Apple, Microsoft hamda Google allaqachon o‘z operatsion tizimlarini mazkur yangi virusdan muhofaza etuvchi dasturlarni chiqardilar, Linux uchun esa bunday dastur hozirda ishlab chiqilmoqda, deyiladi xabarlarda.

Armis Labs mutaxassislari foydalanuvchilarga, BlueBorne hujumiga qarshi tura oluvchi antiviruslar o‘rnatishni, shuningdek, juda zarurati bo‘lmasa Bluetooth’ni o‘chirib qo‘yishlarini tavsiya etishmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!