Yangilangan Nokia 3310 haqida bilishingiz kerak bo‘lgan 8 ma’lumot

  •   DiMaX
  •  5159
  •  02.06.2017 13:49

Yangilangan Nokia 3310 haqida bilishingiz kerak bo‘lgan 8 ma’lumot

Joriy yilda qaytadan ishlab chiqarilgan hamda MWC 2017 ko‘rgazmasida taqdim etilgan yangicha Nokia 3310 (2017) modeli ham allaqachon savdoga qo‘yilganidan xabaringiz bor. Rossiyada ularning ilk partiyasi bir kundayoq sotib tugatilgani, bungacha Xitoyda soxta Nokia 3310 sotuvga chiqqanini ham ma’lum qilganmiz. Shuningdek, poytaxtimizdagi «Malika» savdo markazida ham bu telefon sotilmoqda, ammo narxi…

Xullas, original Nokia 3310 (2017) telefoniga qiziqayotganlar uchun ushbu model xususidagi ayrim faktlarni e’lon qilmoqdamiz. Axir, xarid qilishdan avval uning xususiyatlarini bilib qo‘yganingiz yaxshi-da!

Qani, ketdik!

  1. Sizning SIM-kartangiz unga tushmasligi mumkin.

Zamonaviy smartfonlarning slotlari, odatda, nano-SIM formatiga mo‘ljallangan. «Qayta tug‘ilgan» Nokia 3310 esa micro-SIM formatiga moslab chiqarilgan, shuning uchun bu masalada sal murakkabliklar yuzaga kelishi mumkin.

To‘g‘ri, keyingi paytlarda uyali aloqa operatorlari multiformatli SIM-kartalar taqdim etishyapti: mini-SIM o‘lchamidagi kartachadan o‘zingizga kerakli – telefoningizga mos micro-SIM yoki nano-SIM formatidagi kartachani chiqarib olish mumkin. Agar siz o‘sha tashqi o‘lchamlarni ham saqlab qo‘ygan bo‘lsangiz, unga nano-SIM’ni joylab, micro-SIM formatiga aylantirib, yangi Nokia 3310 telefoniga qo‘ysangiz bo‘ladi. Agar saqlanib qolmagan bo‘lsa, SIM-karta adapteri sotib olish yoki sizga xizmat ko‘rsatayotgan uyali aloqa operatoriga murojaat etib, multiformatli SIM-kartaga almashtirib olishingiz mumkin.

  1. Orqa panel qopqog‘ini ochish o‘ta qiyin – tirnog‘ingiz sinib qolmasin!

Nokia 3310 (2017) modelidan foydalana boshlash uchun, bir zamonlardagidek, uning orqa qopqog‘ini ochib, batareyasini va SIM-kartani qo‘yish lozim. Mana shu joyida ehtiyotkorlik qilishingiz kerak bo‘ladi. Chunki uning qopqog‘i shu qadar qattiq yopiladiki, ochaman deb tirnog‘ingizni sindirib olishingiz hech gapmas.

  1. Unda WhatsApp va Viber yo‘q…

Qurilma S30+ mobil operatsion tizimida ishlaydi, bu tizim esa, internetga kirish imkonini taqdim etsa-da, messenjerlarni qo‘llab-quvvatlamaydi. Shu bois, agarda bundan buyog‘iga faqat yangi Nokia 3310 tutadigan bo‘lsangiz, chatlarda yozishib o‘tirishlarni esdan chiqarasiz. Balki bir tomondan bu yaxshidir ham – avval messenjerlardagi bekorchi gaplarga sarflab yurgan vaqtingizni endi foydali ishlarga sarflaysiz.

  1. …ammo Facebook’ka kira olasiz!

Telefonga ishlab chiqaruvchi tomonidan o‘rnatilgan Opera brauzeri orqali saytlarning mobil versiyalariga kirish imkoni mavjud. Facebook yoki «VKontakte» bo‘ladimi, boshqa saytlarmi – aksariyatining telefonlarga moslashtirilgan talqini mavjud. To‘g‘ri, saytlarni kichkina ekranda ko‘rish noqulay bo‘ladi, yana sekin ishlovchi 2G-internet sharoitida… Lekin nima ham derdik, yo‘qdan ko‘ra yaxshiroq-da.

  1. Tugmachalardan foydalanish dastlab noqulay bo‘ladi.

Agarda bir necha yildan beri smartfondan foydalanib, u bilan sensor ekran orqali «tillashib» kelayotgan bo‘lsangiz, dastlabki paytlarda Nokia 3310 (2017) bilan «til topishish»ingiz qiyin kechadi. Hali biror ilovani ochish maqsadida ekranda uning belgichasini yoki saytga o‘tish uchun havolani barmoq bilan bosib ko‘rishlar bo‘ladi. Ammo bir necha kundan so‘ng tugmachalar orqali ishlashga ko‘nikib ketasiz.

  1. «Iloncha» o‘yini endi avvalgidek emas.

Agarda siz aynan o‘sha qadrdon bo‘lib qolgan «Iloncha» – «Zmeyka» o‘yini uchun Nokia 3310 telefonini xarid qilishni ko‘zlayotgan bo‘lsangiz, hafsalangizni pir qilishga majburmiz. Bu o‘yin endi avvalgidek ko‘rinishda emas, uni qayta ishlashgan. O‘yinning tashqi ko‘rinishi o‘zgartirilgan, bonuslar qo‘shilgan, ilonchaning yo‘llariga mini-qopqonchalar qo‘yilgan, «hurmat taxtasi» joriy etilgan… Xullas, bu endi o‘sha siz bilgan va sevgan «Iloncha» emas, hatto undan yomonroq yangi talqin, desak ham xato bo‘lmaydi.

  1. Yangilangan Nokia 3310 quvvati juda uzoq vaqtga yetadi.

4G, Wi-Fi, sensor ekran singari quvvatni «ochofatlarcha yeydigan» jihatlar yangi Nokia 3310’da yo‘qligi ma’lum. Shu bois ham 1200 mA/soat sig‘imli akkumulyatorning quvvati, agar telefonni o‘rtacha ishlatsangiz, bir haftaga yetadi. Bu borada rasmiy ko‘rsatkichlar bunaqa: to‘ldirilgan batareyaning quvvati kutish rejimida 607 soat, faol foydalanishda esa 22 soatga yetadi.

  1. Qo‘shimcha xotira kartasi sotib olishingizga to‘g‘ri keladi.

Dastlabki Nokia 3310 telefonidan farqli ravishda, uning yangilangan talqinida ayrim qo‘shimcha funksiyalar bor. Jumladan, qurilma xotirasidagi audiofayllardan musiqa tinglash hamda 2 megapikselli kamerasi orqali suratga olish mumkin. Ammo telefonning atigi 16 megabaytlik ichki xotirasiga 12 tacha rasm sig‘ishi mumkin, xolos (shundayam uni musiqa bilan to‘ldirmagan bo‘lsangiz)! Shunday ekan, agarda telefonda musiqa tinglash niyatingiz ham bo‘lsa, u holda microSD xotira kartasini sotib olishingiz kerak bo‘ladi.

Xullas, shunaqa gaplar…

Shuningdek, mazkur telefonning original va qayta chiqarilgan versiyalarni taqqoslangan, yangi talqin haqidagi boshqa ma’lumotlar berilgan maqolalarimizga ham nazar solishni tavsiya etamiz.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!