Yorug‘lik diodli chiroqlardan to‘g‘ri foydalanishni bilasizmi?

Yorug‘lik diodli chiroqlardan to‘g‘ri foydalanishni bilasizmi?

Yorug‘lik diodli chiroqlar (YoDCh) boshqa lampochkalardan qimmatroq, xususan, “Ilich lampochkasi”dan bir necha barobar qimmat turadi. Biroq kam energiya iste’mol qilib, uzoq yonadi. Ha, uzo-oq yonadi. Ammo ishlab chiqaruvchilar bergan barcha kafolatiga uchmang.

10 yil xizmat qilishi taxminiy muddat

Arzonroq YoDChlarni ham xizmat muddati 10 yil, deb sotishadi. Ammo chiroqdan kam foydalanganingizdagina 10 yilga yetishi mumkin. Aytaylik, hammom yoki hojatxonaga qo‘ying va unuting.

YoDCh agar kuniga uzog‘i bilan uch soatdan ishlasa, o‘n yil xizmat qilishi mumkin. Ammo o‘tiradigan uyingizda hech qachon uch soat yoqmasligingiz aniq (agar chiroq ko‘p o‘chadigan hududlarda yashamasangiz).

Bordiyu qimmatli lampochkamizni sutkada sakkiz soatdan yoqsak, uch yarim yilga yetadi.

Xizmat muddati ming soat bo‘lgan cho‘g‘lanma lampochkadan YoDCh ustunligi shubhasiz. Biroq YoDChning ishlashiga ko‘plab omillar ta’sir ko‘rsatadi. Sof.uz bu omillarni sanab o‘tadi.

YoDChlarning bosh muammosi sxemasi va komponentlaridir

Cho‘g‘lanma lampochkaning ichiga qarasangiz, bor mexanizmi ko‘rinadi: ikki elektrod cho‘g‘lanma tolaga ulangan, bor-yo‘g‘i shu. Tok undan o‘tganida qizib o‘zidan nur taratadi. Yuz yillik sinovdan o‘tgan sodda texnologiya.

YoDCh deganlari biroz murakkab tuzilgan. Unda rezistorlar, induktorlar, kondensatorlar va nurli diodlar bor.

Nur taratuvchi diodlar uzoq ishlashi mumkin, ammo qolgan sxemaning komponentlari, ayniqsa, yorug‘lik rostlab turilganda tez ishdan chiqadi.

YoDChlar vaqt o‘tgan sari so‘nib boradi

Cho‘g‘lanma lampochkalardan farqli ravishda YoDCh kuyib qolmaydi va birdaniga ishdan chiqmaydi. Uning intensivligi tobora kamayib boradi. Xizmat muddati tugagan YoDChning xiraligi seziladi.

Deylik, lampochka nur oqimi 800 lyumenga teng bo‘lsa, 10 ming soat ishlagach, 570 lyumenga tushishi me’yoriy ko‘rsatkich sanaladi. Maksimal ko‘rsatkichidan 70 foizga pasayishi uning ishlatishga yaroqsizligini bildiradi.

Yuqori harorat lampochkaning umrini qisqartiradi

Elektron uskunalar issiqlik chiqaradi. Shuning uchun ularga ventilyator, radiator yoki boshqacha sovutish tizimlari o‘rnatiladi. Elektronikani qizishdan saqlash lozim. YoDChlar ham bundan mustasno emas.

YoDChlar ham qizishi mumkin, aniqrog‘i, qo‘shimcha komponentlari qiziydi. Uni yasashda issiqlik ajralib chiqishi hisobga olingan, ammo yopiq muhitga, masalan, qalpoqli tunchiroq ichiga joylansa, qizib ketib, muhlatidan oldin ishdan chiqadi.

Agar ulardan to‘g‘ri foydalansangiz, uzoq xizmat qiladi

YoDChlardan to‘g‘ri foydalanish uchun quyidagi qoidalarga rioya qiling:

•    Qizib ketishiga yo‘l qo‘ymang, tor va berk muhitga o‘rnatmang. Shamol o‘tadigan joyga o‘rnating.

•    Bir qandilga turli lampochkalarni qo‘ymang, masalan, YoDCh va cho‘g‘lanma lampochkalar bir joyda yig‘ilmasin. Bu ham qizishga olib keladi.

•    Kerak bo‘lmagan vaqtda o‘chirishga odatlaning. To‘g‘ri, ular kam elektr tortadi, ammo ortiqcha chiqim kimga kerak?

Manba: Sof.uz