Yoshlar o‘rtasida eng yaxshi dasturiy ta’minot ishlanmalari uchun tanlov e’lon qilindi

Yoshlar o‘rtasida eng yaxshi dasturiy ta’minot ishlanmalari uchun tanlov e’lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi «UZINFOCOM» kompyuter va axborot texnologiyalarini joriy qilish markazi, “BePro” dasturchilar markazi MChJ, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti hamkorlikda dasturiy ta’minot ishlanmalari bo‘yicha tanlov e’lon qildi.

Tanlovdan maqsad  dasturiy ta’minot sohasida yosh dasturchilarni rag‘batlantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek, dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishdan iborat.

Tanlov oliy ta’lim muassasalarining talabalari, shuningdek, kasb-hunar kollejlari va akademik litsey o‘quvchilarining ishtirokida o‘tkaziladi. Tanlovni yoz faslida, o‘quvchi talabalar o‘qishdan ta’tilga chiqqan hamda ko‘plab bo‘sh vaqtlarga ega bo‘lib, uni foydali o‘tkazish mumkin bo‘lgan davrda o‘tkazilishi alohida dolzarb ahamiyatga ega. Bundan tashqari, tanlov g‘oliblarini sovrinli mukofot jamg‘armasi kutmoqda, bu esa ularning kelgusi rivojlanishlarida juda muhimdir.

Tanlovda alohida individual shaxslar ham va guruhli (to‘rt kishidan ortiq bo‘lmagan) ishtirokchilar ham qatnashishlari mumkin.

Individual va guruhli ishtirokchilar faqat bir nominatsiyada ishtirok eta oladilar (qayta ishtirok etish mumkin emas).

Tanlov 2015 yil 16 may kunidan  19 sentyabrga qadar uch bosqichda o‘tkaziladi:

1-bosqich:  2015 yil 16 may kunidan  26 avgustgacha – ishtirokchilarni ro‘yxatga olish.

2-bosqich: 2015 yil 29 avgustdan 9 sentyabrgacha – dastlabki saralash tanlovlari (final g‘oliblarini aniqlash).

3-bosqich: 2015 yil 12 sentyabrdan 19 sentyabrga qadar – yakuniy saralash tanlovlari (g‘oliblarni aniqlash).

Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:

“Elektron tijorat yo‘nalishida eng yaxshi loyiha/ishlanma”;

“Ta’lim yo‘nalishida eng yaxshi loyiha/ishlanma”;

“Eng yaxshi kompyuetr va mobil o‘yin”

Har bir nominatsiyada eng yaxshi loyiha aniqlanib, 10 mln. so‘m miqdoridagi sovrin bilan taqdirlanadi.

Ishtirokchilarni ro‘yxatga olish va ishlanmalarni taqdim etish www.software.uz saytida onlayn rejimida amalga oshiriladi.

Ishlanmalar uchun barcha mualliflik huquqlari ishlanma egalariga tegishli  hisoblanadi. Dastlabki tanishuvdan tashqari barcha tijorat yoki boshqa maqsadda foydalanish taqiqlanadi.

Ishlanma va loyihalarni baholashda ularning dolzarbligi, g‘oyaning originalligi, texnologik ishlanmaning afzalliklari, interfeys va foydalanish qulayligi, dasturiy ta’minotdan erkin foydalanish, uning ochiq kodli tizimda yaratilganligiga e’tibor qaratiladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!