YouTube’da maxfiy tungi rejimni yoqishni o‘rganamiz

  •   DiMaX
  •  2359
  •  15.04.2017 11:19

YouTube’da maxfiy tungi rejimni yoqishni o‘rganamiz

Google muntazam tarzda o‘z dastur va servislari ustida ishlab boradi – ularga yangi funksiyalar qo‘shadi, ko‘rinishini yaxshilaydi. Odatda, bu kabi yangiliklar avval tor doiradagi foydalanuvchilar orasida sinab ko‘riladi. Har tomonlama sinovdan o‘tkazib olgach, kompaniya ularni keng foydalanuvchilar ommasiga taqdim etadi.

E’tiborli foydalanuvchilardan birining aniqlashicha, YouTube servisida hozircha keng ommadan maxfiy tutilayotgan qora rangli interfeysni yoqish imkoniyati tug‘ilgan. Bu yangilikni u darhol Twitter orqali ma’lum qilgan.

Siz ham YouTube interfeysini shunaqa to‘q ranglarga o‘zgartirishni istasangiz, unda buning yo‘lini quyida o‘rgatamiz.

Chrome brauzerini yoqib, unda quyidagi amallarni bajarasiz:

  1. YouTube servisining sahifasini oching. Eslatma: unga o‘z akkauntingiz bilan kirishingiz kerak.
  2. Agar kompyuteringiz Windows operatsion tizimida bo‘lsa, Ctrl + Shift + I tugmachalarini, Mac tizimida bo‘lsa, Option + Cmd + I tugmachalarini bosing.
  3. Brauzer oynasida dasturchilarga mo‘ljallangan – jihozlar mavjud panel ochiladi. Shu yerdagi Console varaqasiga o‘ting.
  4. Konsolga quyidagi matnni nusxalab tashlang:

document.cookie="PREF=f6=4;path=/;domain=.youtube.com";

  1. «Enter» tugmachasini bosing, jihozlar panelini yoping va sahifani yangilang. YouTube interfeysi sal o‘zgacharoq ko‘rinish olganini sezgandirsiz? Lekin u haliyam oldingidek yorqin tusda. Uni tungi rejim – qora tusga o‘tkazish uchun davom etamiz.
  2. Yuqori o‘ng burchakdagi o‘z akkauntingiz avatarini bosing. Pastga ochilgan menyuda tungi rejimni bildiruvchi «Nochnoy rejim» bandini faollashtiring. Darhol sahifa tusi qora rangga o‘tib oladi.

Mazkur rejim tunda kompyuterda o‘tirgancha, YouTube’da videolavhalar ko‘radigan foydalanuvchilarga juda mos keladi. Zero, atrof nisbatan qorong‘i bo‘lgan payti ekran o‘ta yorug‘ bo‘lsa, ko‘zimiz ko‘proq zo‘riqadi. Shuningdek, batareyadan quvvat olayotgan payti noutbukning quvvatini tejashda ham bu rejim asqotadi.

Agarda qora ranglar yoqmay qolsa, istalgan payti yuqoridagi ko‘rsatilgan usulda tungi rejimni o‘chirib qo‘yish mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!