YouTube’ni qulayroq qiluvchi qo‘shimchalar

  •   DiMaX
  •  4802
  •  27.03.2017 13:53

YouTube’ni qulayroq qiluvchi qo‘shimchalar

Dunyo bo‘ylab eng sertashrif saytlardan biri YouTube bo‘lsa kerak, ammo unda namoyishni osonlashtiruvchi, videolavhalar bilan qo‘shimcha ishlashga imkon beruvchi usullar va servislarni hamma ham bilavermaydi. Quyida shulardan eng muhimlarini keltirib o‘tamiz.

Videodan GIF yasash

YouTube-roliklar asosida GIF-fayllar – harakatli (animatsiyalangan) suratlar yasasa bo‘ladi. Buni amalga oshiruvchi turli servislar bor, eng yaxshilaridan biri esa Gifs.com hisoblanadi. U nafaqat videolavhani harakatli suratga aylantiradi, balki ularni turli effektlar, tagso‘zlar va smayliklar bilan bezab ham beradi.

Videolavhani saqlab olish

Android qurilmaga YouTube videolarini yuklab olish yo‘llari haqida avval ham maqola chop etganmiz. Ammo kompyuterdan kirganda lavhalarni saqlab olishning yana bir osongina yo‘li ham mavjud. Bunda rolik manzilidagi youtube.com oldidan ss harflarini kiritish lozim, xolos. Bu haqdagi batafsil maqolamizda boshqa usullar ham bayon etilgan.

Musiqali videodagi qo‘shiq matnini topish

Biror yaxshi qo‘shiqli videolavha uchrab qolsa, unga qo‘shilib kuylagingiz kelsa-yu, so‘zlarini bilmasangiz… Bunday hollarda sizga Chrome brauzeri uchun chiqarilgan Musixmatch Lyrics for YouTube kengaytmasi yordamga keladi. U kerakli qo‘shiqning so‘zlarini izlab topib, rolikdagi tasvir tepasiga subtitr tarzida berib turadi. Naq onlayn karaoke deysiz!

Roliklarni mikshyerlash

Ba’zida ikkita turli rolikni o‘zaro qo‘shib yuborish qiziq natija beradi. Buni o‘zingiz sinab ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, YouTube Doubler servisi orqali amalga oshirishingiz mumkin.

Videoni alohida pleyerda tomosha qilish

Opera hamda «Yandeks.Brauzer»da videoni alohida oynaga chiqarib namoyish etish imkoni mavjud. Agar Chrome brauzeridan foydalanayotgan bo‘lsangiz, unda ham shunday tomosha qilish uchun Floating for YouTube kengaytmasini ko‘chirib olib o‘rnatishingiz mumkin.

YouTube, SoundCloud va Vimeo uchun umumiy pley-list yaratish

YouTube ulkan katalogga ega, ammo baribir unda mavjud bo‘lmagan narsalar ham bor. Ko‘pgina mustaqil musiqachilar o‘z yozuvlarini SoundCloud yoki Vimeo servislarida e’lon qilishni ma’qul ko‘rishadi. Ularning barchasidan bemalol foydalanishingiz uchun esa, siz Solon servisiga murojaat etishingiz mumkin. Uning yordamida siz mana shu uchta servisdagi qo‘shiq, klip, roliklarni ko‘rish uchun bitta umumiy pley-list yarata olasiz.

YouTube’ni o‘zingizga moslab sozlash

Ha, YouTube servisidagi namoyishlarni o‘zingiz istaganingizdek (butunlay emas, albatta) qilib sozlash imkoni bor. Buning uchun sizga Chrome brauzeri hamda Magic Actions for YouTube kengaytmasi zarur bo‘ladi. U YouTube interfeysidagi sizni chalg‘ituvchi elementlarni yashira oladi, shuningdek, majburiy reklamani ko‘rmasdan o‘tish, buferlashni boshqarish, sichqoncha g‘ildirakchasi orqali ovozni o‘zgartirish va boshqa ko‘plab qo‘shimcha imkoniyatlarni beradi.

Videoni avtomatik tanaffusga qo‘yish

Ba’zida YouTube jiddiy ishlar uchun kerak bo‘ladi. Masalan, biror o‘rgatuvchi videoni tomosha qilib, shu bilan birga brauzerning boshqa varaqasida qaydlar yozib boradigan bo‘lsangiz, u holda Chrome brauzeri uchun Smart Pause kengaytmasini o‘rnatib oling. Endi har gal YouTube ko‘rilayotgan varaqani tark etganingizda, undagi video avtomatik tarzda tanaffus (pauza) rejimiga o‘tib turadi, unga qaytganingizda namoyish davom etadi.

Rolikni qayta-qayta takrorlash

Bordiyu sizga YouTube’dagi biror qo‘shiq yoqib qolsa va uni qayta-qayta tinglamoqchi bo‘lsangiz, YouTurn kengaytmasini ishga soling. Saytda yetishmayotgan avtomatik takrorlash funksiyasini mana shu kengaytma sizga taqdim etadi.

Xo‘sh, siz YouTube’dan foydalanishda yanada qulaylik yaratish uchun yana nimalarni tavsiya etgan bo‘lardingiz?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!