YouTube O'zbekistondagi monetizatsiya cheklovini olib tashlashi mumkin

YouTube O'zbekistondagi monetizatsiya cheklovini olib tashlashi mumkin

Ma'lumki, YouTube ko'plab mamlakatlarda kontent yaratuvchilarga monetizatsiya xizmatini taklif qiladi. Bunda ijodkorlar o'zlarining videolari orqali pul topishlari mumkin: video qanchalik ko'p ko'rilsa shuncha ko'p daromad bo'ladi. Bunda YouTube ijodkorlarning videolariga o'z hamkorlarining reklamalarini joylashtirib beradi.

Afsuski, YouTube'ning monetizatsiya tizimi O'zbekistonda mavjud emas, ya'ni sizning videolaringiz qanchalik ko'p ko'rilmasin YouTube bu uchun pul to'lamaydi. Biroq, bu tez orada o'zgarishi mumkin.

Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʻyicha shoʻba mudiri, Saida Mirziyoyeva o'zining Telegram sahifasida AQShning O'zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashganligi ma'lum qildi.

Ma'lum bo'lishicha, uchrashuvda ko'p loyihalar yuzasidan fikr almashilgan, xususan, Google (YouTube) kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va bu orqali axborot sohasiga oid ayrim muammolarni birgalikda hal etish masalalari muhokama qilingan.

"Ko‘plab blogerlarimizdan YouTube monetizatsiyasining cheklanishi yuzasidan murojaatlar kelib tushgan edi. Shu bois uchrashuvda elchi janoblari bilan ushbu kompaniya vakillari bilan uchrashuv tashkil etish va vaziyatni o‘rganish bo‘yicha kelishib oldik", – deyiladi Saida Mirziyoyeva xabarida. 

Garchi hozirda YouTube'ning monetizatsiya xizmati O'zbekistonda qachondan ishga tushirilishi haqidagi ma'lumotlar mavjud bo'lmasa ham, hech bo'lmaganda tez orada bu narsa amalga oshirilishidan umid qilishimiz mumkin.

YouTube'ning monetizatsiya xizmatining O'zbekistonda ham ishga tushirilishi bir tomondan ijodkorlar uchun yaxshi yangilik bo'lsa, boshqa tomondan oddiy foydalanuvchilar uchun yomon xabar bo'lishi mumkin, chunki endi siz YouTube videolari orasida reklamalar ko'rishni boshlaysiz.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!