YouTube titr xizmati 1 milliard videoni sharhlashga erishdi

YouTube titr xizmati 1 milliard videoni sharhlashga erishdi

Tasavvur qiling, eshitishda nuqsoni bo‘lgan biror kishi internetda video ko‘rish istagida. Bu vaziyatda unga nutqni avtomatik aniqlaydigan va kadr osti yozuviga aylantira oladigan ilg‘or texnologiya yordamga keladi. Jumladan, 2009 yilda Google kompaniyasi YouTube video tarmog‘i uchun ovozli videolarni avtomatik titrlaydigan xizmatni ishga tushirgan edi. Avtomatik tizim ingliz, golland, fransuz, nemis, italyan, yapon, koreys, portugal va rus, ispan tillaridagi ovozli videolarni qulog‘i og‘ir va eshitishda muammosi bo‘lgan odamlarga titr ko‘rinishida tarjima qilib beradi.

YouTube jamoasining xabar berishicha, bugungacha tizimda 1 milliard miqdordagi video titrlashga muvaffaq bo‘lingan. Bir kunda titrli videolar ko‘rish hajmi 15 milliontaga yetgan. Buning uchun maxsus ko‘ngillilar xizmatidan ham foydalanilmoqda.

Google’ning nutqni avtomatik aniqlovchi texnologiyasi har doim ham videodagi lahja, noto‘g‘ri talaffuz yoki shovqin tufayli videoni kadr osti izohlari orqali yaxshi tarjima qilib bera olmasligi mumkin.
Google tomonidan ma’lumot berilishicha, tobora takomillashayotgan xizmatning sifati shu kungacha 50 foizga yaxshilangan va aniqlik darajasi oshib bormoqda.

Siz bu xizmatdan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, quyidagi amallarni bajaring:

1. YouTube sahifasining o‘ng tomon yuqori burchagida joylashgan shaxsiy sahifangizga kiring va chap tomondagi “Ijodiy studiya” bo‘limidagi “Video menejer”dan “Video” bo‘limini tanlang.

2. Bu yerda mavjud videolarga subtitr qo‘shish uchun videoni sozlash bo‘limidan “Subtitr” funksiyasini belgilang.

3. Agar biror videoda avtomatik titrlash mavjud bo‘lsa, mavjud tillar xususidagi ma’lumot videoning o‘ng tomonidagi “chop etilgan videolar” bo‘limida aks etadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.