Zo‘r himoyalangan Galaxy Tab Active 2 plansheti chiqdi

  •   DiMaX
  •  1524
  •  20.10.2017 15:47

Zo‘r himoyalangan Galaxy Tab Active 2 plansheti chiqdi

Samsung Electronics kompaniyasi Galaxy Tab Active himoyalangan planshetining ikkinchi avlodini taqdim etdi. Bu haqda ishlab chiqaruvchining saytida ma’lumot berilgan.

Aytish kerakki, original Galaxy Tab Active 2014 yili chiqarilgan bo‘lib, u dastlabki darajadagi texnik xususiyatlarga, shuningdek chang, suv va zarbadan himoyaga ega.

Samsung Galaxy Tab Active 2 qurilmasi diagonali 8 dyuymli, WXGA sifatli (1280x800 pikselli) TFT-displey bilan jihozlangan. Uning asosiy kamerasi 8, old kamerasi esa 5 megapikselli sig‘imga ega. Planshetning barmoq izi skaneri «Uyga» tugmachasida joylashgan. Devaysning «yuragi» – 1,6 GGs takt chastotasida ishlovchi, sakkiz yadroli Samsung Exynos 7870 protsessori. Tezkor xotirasi 3 GB, doimiy flesh-xotirasi esa 16 GB hajmli bo‘lib, unga yana 256 gigabaytgacha hajmli microSD xotira kartasi qo‘yish imkoni mavjud. Galaxy Tab Active 2’ning ajoyib jihatlaridan yana biri – 4450 mA/soat sig‘imli akkumulyatoridir.

Planshet harbiy MIL-STD-810G standarti bo‘yicha bosimdan, haroratning o‘ta ko‘tarilib va pasayib ketishidan, zarba, titrash va boshqalardan muhofazalangan. Shuningdek, u IP68 darajasida chang va suvdan ham himoyalangan. Displey nam barmoq bilan ham, qo‘lqop kiygan holda ham boshqarishni qo‘llab-quvvatlaydi. Gadjetga ilova etilgan S Pen stilusi ham IP68 sertifikatiga ega.

Ikkinchi avlod Galaxy Tab Active qurilmasi simsiz aloqaning LTE Cat.6, Wi-Fi (802.11 a/b/g/n/ac), Bluetooth 4.2, NFC, GPS va GLONASS kabi interfeyslarini qo‘llab-quvvatlaydi. Hozirda flagmanlar uchun trendga aylangan USB 2.0 Type-C portiga ega. Planshet Android 7.1 Nougat operatsion tizim boshqaruvi ostida ishlaydi. Uning o‘lchamlari 214,7x127,6x9,9 millimetrga, vazni esa 415 grammga teng.

Samsung Galaxy Tab Active 2 shu oyning oxirlarida ayrim mamlakatlar bozorlariga chiqariladi. Yevropa uchun uning narxi 500 yevroni tashkil etadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!