ZTE Axon 7s: yana bir kuchli smartfon raqobat maydonida

ZTE Axon 7s: yana bir kuchli smartfon raqobat maydonida

2016 yilda ZTE kompaniyasi tomonidan taqdim qilingan Axon 7 smartfoni brend ishqibozlari o‘rtasida yetarlicha ommalashgach, xitoylik ishlab chiqaruvchi joriy yilda mazkur modelni yanada takomillashgan talqinda taqdim etishga qaror qildi.

24 aprel kuni ZTE yangi — Axon 7s nomli “aqlli telefon” modeli to‘g‘risida ma’lumotlarni e’lon qildi. Ta’kidlanishicha, yangi smartfon 2016 yilning flagman protsessori bo‘lgan Snapdragon 821 hamda qo‘sh modulli bosh kamera bilan ta’minlanadi.

Qo‘sh modullardan biri uchun 20 megapikselli Sony IMX350 sensori, ikkinchisi uchun Sony IMX368 sensori tanlangan. Har ikkala sensorda f/1.8 standartidagi apertura, fazali avtofokus hamda 4K formatda video yozish joriy qilingan. Old kamera esa 8 MP matritsaga ega.

ZTE Axon 7s smartfoni 5,5 dyuymli sig‘imi QuadHD bo‘lgan AMOLED displey, stereo — qo‘sh dinamiklari bilan o‘ziga xosdir. Snapdragon 821 bilan birga, ZTE Axon 7s apparat platformasiga 6 Gb sig‘imli tezkor hamda 128 Gb doimiy xotira o‘rnatilgan. Bu gal tezkor quvvat oladigan akkumulyator sig‘imi oshib, 3400 mA soatga yetgan. Telefon aloqaning Wi-Fi, 4G LTE hamda GPS tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu aloqa vositasi Android 7.0 Nougat boshqaruv tizimida faoliyat ko‘rsatadi.

Narx-navo masalasida hozircha ZTE aniq ma’lumot taqdim etmagan. Insayderlarning yozishlaricha, smartfon 590 AQSh dollari atrofida sotuvga chiqadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.