ZTE barmoq izi skaneri yon tomonida joylashgan smartfonni taqdim etdi

ZTE barmoq izi skaneri yon tomonida joylashgan smartfonni taqdim etdi

Xitoyning ZTE kompaniyasi Androida 6.0 Marshmallow operatsion tizimi o‘rnatilgan V7 Max modelini taqdim etib, smartfonlar assortimentini kengaytirdi.

Uskuna “yuragi” vazifasini MediaTek tomonidan ishlab chiqilgan bir kristalli Helio P10 tizimi bajaradi. Mazkur chip o‘zida 64 bit, 1,8 GGS gacha chastotali sakkizta ARM Cortex-A53 yadrosi, shuningdek, 700 MGs chastotali ARM Mali-T860 grafik kontrollerni mujassamlashtirgan. Bundan tashqari, protsessor tarkibidan LTE diapazonlaridagi barcha asosiy chastotalarni qo‘llab-quvvatlaydigan modem ham joy olgan.

Yangi smartfon 1920 × 1080 nuqta (Full HD) sig‘imli 5,5 dyuymli 2.5D displeyiga ega bo‘ldi. 16 megapikselli asosiy kamera yorug‘lik diodli chaqnoq va fazaviy avtofokus bilan ta’minlangan. Smartfonning old qismida esa 8 megapikselli kamera mavjud.

Qurilma 3 va 4 Gbayt tezkor xotirali ikki xil talqinda taklif etiladi. Har ikkisida ham bir xil — 32 Gbayt hajmga ega flesh-modul joylashtirilgan. Unga 128 Gbaytgacha sig‘imli microSD kartalarini o‘rnatish imkoniyati mavjud.

Korpusning yon tomonida foydalanuvchi shaxsini barmoq izlari orqali identifikatsiya qilish uchun o‘rnatilgan daktiloskopik sensorni ko‘rish mumkin. Shuningdek, an’anaviy tarzda Wi-Fi, Bluetooth va GPS modullari ham kiritilgan. Elektr ta’minoti 3000 mAsoat sig‘imli batareya orqali amalga oshiriladi. Uskuna simmetrik USB Type-C portiga ega.

ZTE V7 Max smartfonining 3 Gbayt tezkor xotiraga ega talqini 280 dollardan taklif etilsa, 4 Gbaytli modifikatsiyasini 310 dollardan sotib olish mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.