Zukerbergning “bepul internet”i Hindistonning qayta bosib olinishiga tenglashtirildi

Zukerbergning “bepul internet”i Hindistonning qayta bosib olinishiga tenglashtirildi

Facebook’ning “Tekin internet” loyihasi Hindistondagi yuz millionlab insonlarga xalqaro tarmoqqa ulanish imkonini va’da qilayotgan bir paytda, mamlakatning Telekommunikatsiyalarni tartibga solish vakolatli organi tomonidan g‘oya qattiq tanqidga uchradi.

Gap shundaki, “Internet.org” loyihasi oddiy aholi vakillariga salomatlik, sayohat, bo‘sh ish o‘rinlari, mahalliy hukumatga oid yangiliklar yetkazuvchi sayt hamda xizmatlarni, shuningdek Facebook ijtimoiy tarmog‘i, Dictionary.com va Wikipedia kabi qator xalqaro tarmoqlardan va chegaralangan mahalliy veb-saytlarga kirish imkonini beradi.

Rejaga ko‘ra, mazkur bepul saytlar ro‘yxatiga tadbirkorlar yoki veb-saytlar egalari keyinchalik pullik asosda kirishlari mumkin. Muassasa vakilining fikricha, bu noteng munosabat mamlakatdagi axborot texnologiyalari rivojiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ularning fikricha, Markning bu g‘amxo‘rligi ostida aslida iqtisodiy manfaatlar yotadi, kompaniya yirik auditoriya evaziga tushgan reklamadan katta daromad oladi.

Mark Zukerberg tanqidlarga nisbatan ushbu loyihadan maqsad foyda olish emasligini, u barcha dasturchilar uchun ochiqligini va omadi yurishmagan insonlarga qashshoqlikdan xalos bo‘lishlariga yordam berishini ta’kidlagan.

“Tanqidchilar aholiga bepul internet xizmatlaridan foydalanishlariga yordam berish o‘rniga, bo‘htonlarni tarqatish bilan bandlar,” deydi Mark Times of India nashriga bergan intervyusida.

Hindistonlik taniqli biznesmen Mahesh Murti Mark Zukerbergning rejalarini “raqamli tenglik” niqobi ostida Hindistonning Ost-Indiya kompaniyasi tomonidan qayta bosib olinishiga tenglashtirdi.

“Facebook’ning bizning omadsiz aka-singillarimiz bilan bog‘liq rejasi kunday ravshan – kompaniya ular ham kuni bilan bir-birini “chertib”, Candy Crush o‘ynab o‘tirishlarini istayapti,” deydi tadbirkor.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!