2020 yilda O‘zbekistonning qaysi hududida raqamli rivojlanish qanday bo‘ldi?

  •   DiMaX
  •  849
  •  11.02.2021 10:43

2020 yilda O‘zbekistonning qaysi hududida raqamli rivojlanish qanday bo‘ldi?

«Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga muvofiq hududlarda raqamli transformatsiya holatini baholash maqsadida hududlarni raqamli rivojlantirish darajasini reytingli baholash metodikasi ishlab chiqildi va bu bilan hududlarda raqamlashtirish holatini diagnostika qilish imkoni yaratildi. Bu to‘g‘rida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xabar bermoqda.

O‘QING: «O‘zbektelekom» aksionerlik kompaniyasi TOP-o‘nlikka kirdi

Reytingli baholash metodikasida Birlashgan Millatlar tashkiloti (BMT) tomonidan dunyo davlatlarida axborot texnologiyalari rivojlanish va elektron hukumatni joriy etishni baholashda qo‘llaniladigan ko‘rsatkichlar qabul qilindi.

Reytingli baholash tartibi 4 ta ustuvor yo‘nalishlardan iborat:

  • «Raqamli infratuzilma» (35 ball) – aholi punktlarining Internet, mobil aloqa, «Wi-Fi» nuqtalari va boshqalar bilan qamrab olinganligi baholanadi;
  • «Raqamli iqtisodiyot» (25 ball) – elektron schet-fakturadan va onlayn nazorat-kassa mashinalaridan samarali foydalanish, mahalliy IT-xizmatlar bozori holati, elektr va tabiiy gaz iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish va boshqalar baholanadi.
  • «Ijtimoiy sohani raqamlashtirish» (20 ball) – ijtimoiy muassasalar (bolalar bog‘chasi, maktablar, poliklinikalar)da Internetdan foydalanish holatini, hamda ta’lim va boshqa tizim hamda dasturiy mahsulotlarni joriy etish holatini baholash.
  • «Raqamli ta’lim» (20 ball) – maktablarni yo‘nalish bo‘yicha diplomga ega informatika o‘qituvchilari bilan hamda o‘quvchilarning «Bir million dasturchi» dasturi bo‘yicha qamrab olinganligi, aholining IT-sektorida bandligi, IT-o‘quv markazlarining va boshqalar.

Hududlarni yakuniy bahosi «yashil» – yaxshi baho (71 dan 100 ballgacha), «sariq» – qoniqarli baho (55 dan 71 ballgacha) va «qizil» – qoniqarsiz baholash natijasi bilan (55 balldan past) baholanadi.

O‘QING: Bosh vazir va’da berdi: internet tezligi kamida 10 Mbit/soniyaga yetkaziladi! (+video)

2020 yil yakunlari bo‘yicha respublikaning 203 ta tuman (shahar)larini baholash amalga oshirildi, uning natijalari aniqlandi.

Raqamlashtirish holatini yaxshi baho olgan («yashil» ro‘yxat) respublikaning 28 ta (14%) tuman va shaharlari joy oldi, ulardan eng yaxshi o‘ntalikka kirganlari: Navoiy, Jizzax, Namangan, Samarqand, Andijon va Farg‘ona shaharlari, shuningdek Toshkent shahrining Olmazor, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlaridir.

Raqamlashtirish holati qoniqarli baho olgan («sariq» ro‘yxat) umumiy 59 ta (29%) tuman va shaharlar 71 balldan kam baho oldi, ular – Kogon, Norin, Qo‘shko‘pir, Mirzacho‘l tumanlari va Olmaliq, Kattaqo‘rg‘on, Yangiyer, Shirin, Zarafshon, Chirchiq, Xonobod va Qo‘qon shaharlari.

Shu bilan birga «sariq» ro‘yxatdagi ba’zi tuman (shahar)lar ma’lum yo‘nalishlar bo‘yicha yaxshi baho olishgan, masalan, «Ijtimoiy sohani raqamlashtirish» yo‘nalishida Yangiyer, Chirchiq shaharlari va Mirzaobod, Xovast tumanlari hamda «Raqamli infratuzilma» yo‘nalishida Olmaliq, Bekobod shaharlari va Norin, Mirzacho‘l, Qorovulbozor tumanlari 91 balldan yuqori ball to‘plagan.

Raqamlashtirish holati qoniqarsiz baho olgan («qizil» ro‘yxat) 116 ta (57%) tuman va shaharlar 55 balldan kam baholangan.

Eng past ball to‘plagan 14 tuman 40 balldan kam baholangan, xususan, Dehqonobod, Qo‘shrabot, Chiroqchi, Forish, Qamash, Quva, Yakkabog‘, G‘uzor, G‘allaorol, Bandixon, Amudaryo, Muzrabot, O‘zbekiston va Qo‘shtepa tumanlari.

Shu bilan birga, «qizil» ro‘yxatdan ayrim tuman (shahar)lar ma’lum ko‘rsatkichlar bo‘yicha yaxshi baho oldilar, masalan, Buloqboshi, Jalaquduq, Baliqchi, Urganch, Marhamat tumanlari «Raqamli infratuzilma» ko‘rsatkichida 82 va undan ortiq ball to‘pladi.

O‘QING: Avtojarimalar to‘g‘risida ma’lumotni endi onlayn tarzda – oson va bepul oling!

Hududlarni raqamli rivojlanish holatini alohida ko‘rsatkichlar bo‘yicha tahlil qilishda quyidagi natijalarni ko‘rsatdi.

«Raqamli infratuzilma» yo‘nalishini baholash bo‘yicha 86 ta (42%) tuman (shahar)lar «yashil» ro‘yxatdan joy olib 71 balldan ziyod bahoni qo‘lgan kiritdi, ulardan birinchi o‘ntaligi Xiva, Farg‘ona, Zarafshon, Bekobod, va Mirzacho‘l, Uchtepa, Olmazor, Zarbdor, Norin va Shayxontohur tumanlaridir.

Shu bilan birga 73 ta (36%) tuman (shahar)lar «sariq» ro‘yxatga, 44 ta (22%) tuman (shahar)lar esa «qizil» ro‘yxatga kiritildi (Forish, Dehqonobod, Qo‘shrabot, Qorao‘zak, Yakkabog‘, Chirchiq, Qamashi, Qo‘shtepa, Shumanay, Amudaryo va boshqa tumanlar).

«Raqamli iqtisodiyot» yo‘nalishini baholash bo‘yicha 22 ta (11%) tuman (shahar)lar 71 balldan ortiq ballni qo‘lga kiritib «yashil» ro‘yxatga kiritildi, ulardan yetakchi o‘ntalikda Navoiy, Termiz, Jizzax, Nukus, Namangan, Guliston shaharlari va Toshkent shahrining Chilonzor, Yakkasaroy, Uchtepa tumanlari hamda G‘ijduvon tumanidir.

Shu bilan birga 26 ta (13%) tuman (shahar)lar «sariq» ro‘yxatga kirdi va 155 ta (76%) tuman (shahar)lar «qizil» ro‘yxatga kirdi (Chinoz, Parkent, Oqqo‘rg‘on, Yangiyo‘l, Izboskan, Ulug‘nor, Uchquduq, Bo‘ka, Oqdaryo, Zafarobod, Bulung‘ur, Quyichirchiq va boshqa tumanlar).

«Ijtimoiy sohani raqamlashtirish» yo‘nalishini baholash bo‘yicha 61 ta (30%) tuman (shahar)lar 71 balldan ko‘p to‘plagan holda «yashil» ro‘yxatga kirdi, shulardan yetakchi o‘ntalikka Xiva va Qarshi shaharlari hamda Toshkentning Shayxontohur, Sergeli, Olmazor, Uchtepa, Bektemir, Yakkasaroy, Chilonzor, Yunusobod tumanlari kirdi.

Shu bilan birga, 43 ta (21%) tuman (shahar)lar «sariq» ro‘yxatga va 99 ta (49%) tumanlar «qizil» ro‘yxatga kiritildi (Rishton, Urgut, Buvayda, Dang‘ara, Toshloq, Zomin, Quva, Uchko‘prik, Chiroqchi, Shahrixon, Bandixon, Amudaryo va boshqa tumanlar).

«Raqamli ta’lim» yo‘nalishini baholash bo‘yicha faqatgina 13 ta (6%) tuman (shahar)lar 71 balldan yuqori ko‘rsatkich bilan «yashil» ro‘yxatga kiritildi, ularning o‘ntalik qatoriga Samarqand, Andijon, Urganch, Namangan, Jizzax, Navoiy, Nukus, Buxoro, Qarshi shaharlari va Toshkent shahrining Yunusobod tumani kirgan.

Shu bilan birga, 23 ta (12%) tuman (shahar)lar «sariq» ro‘yxat, 167 ta (82%) tuman esa «qizil» ro‘yxatdan joy oldi (Chiroqchi, Yuqorichirchiq, Bo‘stonliq, Mirishkor, Taxiatosh, Taxtako‘pir, Farg‘ona, Shofirkon, Kattaqo‘rg‘on, Tomdi, Paxtaobod, Guliston va boshqa tumanlar).

Shu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali tomonidan mahsus lavha tayyorlanib efirga uzatildi. Mazkur videoni https://youtu.be/XxZbtoS0tV8 havolasi orqali Vazirlikning YouTube-kanalida ko‘rishingiz mumkin.

O‘QING: O‘zbekistonda 2G, 3G, 4G va 5G texnologiyalari: Tezkor internetga ulash qanday ketyapti?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!