Tahlil: "Apple va Xiaomi jangi"da kim g‘olib bo‘lishi aytildi

Tahlil:

Bir necha yillar ilgari Apple va Xiaomi'ni taqqoslash qanchalik ahmoqona tuyilmasin, Xiaomi nufuzda Apple bilan o‘rtadagi masofani tobora qisqartirmoqda.

Kuni kecha tarqalgan ma’lumotga ko‘ra, Xitoyning Xiaomi kompaniyasining bahosi 70 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan va endi u jahon birjasida o‘z aksiyalariga ega bo‘ladi. Bu xabar smartfon bozori tadqiqotchilarini sergak tortishga majbur qildi.

Qachonlardir Stiv Jobsga havas qilgan Le Szyun boshchiligidagi kompaniyaning so‘nggi texnologik yangiliklariga nisbatan jamoatchilikning munosabatiga diqqat qilsak, hozirdanoq uning ishqibozlari Apple'nikidan ko‘pligiga guvoh bo‘lish mumkin. Buning 3 ta asosiy sabablari bor:

1.Xiaomi yangi smartfonlarni taqdimotdan so‘ng tezda bozorga chiqaradi. Apple esa ixlosmandlarini intiq qilishni xush ko‘radi. To‘g‘ri, Apple innovatsiyalar qiroli bo‘lgan davrda ishqibozlar ham uning gadjetlarini kutishgan. Biroq, bugun Xiaomi kabi yosh raqiblar ham innovatsiyalar yaratishga qodir va bozordagi kechikish faqatgina raqib foydasiga bo‘ladi.

2. Hamyonboplik -- doimo sifat doirasida. Ayni paytda kompaniya romdan xoli va tomonlari nisbati 18:9 standartidagi ekranga hamda qo‘sh sensorli kameraga ega hamyonbop Redmi Note 5 smartfonini ishlab chiqarish arafasida. Uning narxi $150 dollar atrofida bo‘ladi. Shuningdek, bu gadjet samaradorlikda ham o‘rtacha imkoniyatga ega bo‘ladi. Bugungi xaridorga kuchli protsessordan ko‘ra, arzon va yaxshi jihatlarga ega smartfonlar kerak.

3. Turli-tumanlik. Apple mahsulotlari katalogi tobora qisqarib bormoqda: eski ayfonlar bozorni tark etmoqda, iPod va MacBook Air turkumi ham g‘oyib bo‘lmoqda, HomePod kabi yangi devayslar esa kulgiga qolmoqda. Xiaomi esa aksincha, mahsulotlarini qatorlatib tashlamoqda. Ayni paytda, "aqlli soat" va elektron braslet (Xiaomi Mi Band) va poverbanklar ishlab chiqarishda u jahonda yaqqol peshqadam. Shuningdek, planshet, televizor va noutbuk sanoatida ham tobora nom qozonmoqda. Tinib-tinchimas kompaniya elektron velosiped, ekshn-kamera, "aqlli oyoq kiyim", "aqlli ko‘rpa", hattoki hojatxona qog‘ozi ham ishlab chiqarmoqda.

Xulosa

"Xitoylik Apple" o‘ta qisqa, ya’ni so‘nggi 2 yil ichida o‘z mablag‘larini 30 mlrd dollarga ko‘paytirishga erishgan. Tan olish kerak, bu juda katta muvaffaqiyat. Va, osiyolik ishlab chiqaruvchining so‘nggi yutuqlari uning to‘g‘ri yo‘ldan borayotganidan darak beradi. Ekspertlarning fikricha, kompaniya shu sur’atda davom etsa, tezda IT-sanoatda raqiblarini ortda qoldiradi.

Xiaomi'ning g‘ayrati yonida Apple allaqachon charchab qolgan nuroniy brendga aylanib qolgandek. Omad esa doimo harakatda bo‘lganga nasib qiladi. Biz esa kuzatishda davom etamiz.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.