Android-smartfonlarga endi Google Play’dagi ilovalarni internetsiz ham rasman o‘rnata olasiz!

  •   DiMaX
  •  2167
  •  18.02.2021 12:19

Android-smartfonlarga endi Google Play’dagi ilovalarni internetsiz ham rasman o‘rnata olasiz!

Google kompaniyasi 2020 yil avgustda Nearby Share funksiyasini namoyish etgan edi. Android 6.0 va undan yuqori talqindagi operatsion tizimli barcha qurilmalar orasida o‘zaro fayl almashish imkonini beruvchi mazkur texnologiya orqali Wi-Fi tarmog‘ining parolini uzatish ham yo‘lga qo‘yilmoqda.

O‘QING: 2020 yilning eng zo‘r Android-o‘yinlari (Google Play talqini)

Qidiruv giganti Nearby Share texnologiyasini yangiladi va endi uning yordamida mobil ilovalarni yaqin atrofdagi boshqa Android-gadjetlardan o‘rnatib olish imkoni paydo bo‘ldi. Bunda jarayon xuddi dasturlarni Google Play’dan ko‘chirib o‘rnatgandek kechadi, faqat server sifatida yoningizdagi kishining smartfoni xizmat qiladi.

Yangi usul orqali ilova almashish uchun 24.0 va undan yangi versiyadagi Google Play ilovasini ochish, «Mening ilovalarim va o‘yinlarim» menyusida «Ulashish» varaqasini tanlash lozim. Keyin esa, «Jo‘natish» yoki «Qabul qilish» tugmachasi bosilganidan qat’i nazar, geolokatsiyani ko‘rishi uchun Google Play’ga ruxsat berish kerak bo‘ladi.

O‘QING: Google barcha Android-smartfonlarga yangi funksiya qo‘shyapti! (+video)

Ilovani uzatish funksiyasini tanlagan foydalanuvchining devaysi ekranida dasturlar ro‘yxati paydo bo‘ladi. Keraklilarini belgilab olgach, ularni qabul qiluvchi qurilmasini tanlash zarur; qabul qiluvchining gadjetiga esa ikkala qurilmani o‘zaro ulash kodi keladi. Uzatuvchi tomon uni terib, smartfonlar o‘zaro ulangach, qabul qiluvchi tomon ekrandagi «O‘rnatish» yoki «Barchasini o‘rnatish» tugmachasini bosishi lozim.

Toki bu ikki foydalanuvchidan biri «Ajratish» tugmachasini bosmagunicha, qurilmalar o‘zaro ulangan holida qoladi va Google Play ilovalarini bir-biriga uzatishlari mumkin bo‘ladi. Bunda ma’lumot uzatish tezligi uy internetidan yuqoriroq bo‘ladi.

Yangi funksiya pulli ilovalarga tatbiq etilmaydi – ular sotib olinadigan bo‘lgani uchun, tekinga birovdan ko‘chirib ololmaysiz. Shuningdek, foydalanib ko‘rganlarning aytishlaricha, bepul ilovalarning ham hammasini o‘tkazib bo‘lmas ekan.

O‘QING: iPhone hamda Android-smartfonlardagi eng ommabop o‘nta ilova (2020 yil sentyabr)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!