Apple ham 5G texnologiyasi sinoviga kirishmoqda

  •   DiMaX
  •  764
  •  28.07.2017 12:25

Apple ham 5G texnologiyasi sinoviga kirishmoqda

AQShning Aloqalar bo‘yicha federal komissiyasi Apple’ning o‘z 5G aloqa tarmog‘ini sinab ko‘rish haqidagi arizasiga ijobiy javob bergan. Bu to‘g‘rida Engadget nashri ma’lum qilmoqda.

Apple’dagilar keng polosali tizimlarda bir millimetrlik to‘lqinlar texnologiyasiga asosiy e’tiborni qaratishmoqda. Ushbu texnologiya T-Mobile va Sprint singari raqobatchilar texnologiyasiga nisbatan chastotasi yuqoriroq hamda to‘lqin uzunligi qisqaroqdir.

Mazkur ishlanmaning o‘ziga xos jihati ma’lumotlar uzatish tezligining o‘ta yuksak ekanligidadir. Ammo uning kamchiligi mavjud – bu to‘lqinlar ob’yektlar orqali o‘tishga qiynaladi, ushbu aloqaning yaxshi ishlashi uchun o‘zaro bog‘lanuvchi sub’yektlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rinib turishi lozim.

Aytish kerakki, Apple ma’lumot uzatishning ushbu usulini hali endigina o‘zlashtirmoqda. Facebook, Google, Samsung va Starry kabi kompaniyalar esa allaqachondan beri bu sohada ishlab kelishayotir.

Apple hozircha bu borada hech qanaqa tafsilotni oshkor etmayapti. Ma’lum bo‘lgani shuki, 5G texnologiyasini Kaliforniyadagi ofislarga yaqin bo‘lgan ikkita joyda, 2018 yilning avgustida sinab ko‘rmoqchi.

 O‘z navbatida, boshqa mamlakatlar va korporatsiyalar ham 5G sohasidan chetda qolayotganlari yo‘q. Masalan, Yaponiya 2020 yilgacha o‘z hududini 5G avlodi aloqasi bilan to‘liq qoplashni rejalashtirgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!