Apple iPhone quvvatini uzaytirish yo‘lini topdi

Apple iPhone quvvatini uzaytirish yo‘lini topdi

Apple shu kunlarda qurilmalaridagi batareyalarni boshqaradigan maxsus protsessor ustida bosh qotirmoqda. Shuningdek, kompaniya “Olma” gadjetlaridagi quvvatni to‘g‘ri taqsimlaydigan va uzog‘roqqa yetishini ta’minlaydigan dasturiy ta’minot ustida ham ish olib bormoqda.

Apple yaqinda «Batareyaning xizmat qilish muddatini uzaytirish» («Adaptive battery life extension») yoki ABLE deb nomlangan patentni ro‘yxatdan o‘tkazdi. Unga ko‘ra, iPhone, iPad hamda MacBook devayslarida ulardagi quvvatlarni boshqaruvchi aqlli tizim joriy qilinadi.

Ayni paytda iOS tizimida iPhone yoki iPad quvvati tugash arafasida yoqish mumkin bo‘lgan maxsus rejim mavjud, biroq ABLE texnologiyasi avtomatik ishlaydigan bo‘ladi. Ya’ni, bu tizim foydalanuvchining gadjetdan foydalanishini, quvvatning sarflanish tarixini tahlil qilib, shu asosda quvvatni kamaytiradigan funksiyalarga avtomatik ravishda ta’qiq qo‘yiladi va uning uzaytirilishiga xizmat qiladi.

ABLE tizimi devays foydalanuvchisining ishda ekanini yoki film tomosha qilayotganini mustaqil aniqlab, batareyaning quvvat sarflashini muvofiqlashtiradi. Shu taxlit bu texnologiya qisqa fursatda mobil qurilmaning egasining gadjetdan foydalanish bo‘yicha odatlarini o‘rganadi. Shuningdek, ABLE tizimi gadjetning rozetkaga yoki quvvatlash qurilmasiga ulanish sifatini ham baholab, egasiga xabar beradi.

Apple hujjatda qayd etishicha, texnologiya qurilmaning qizib ketishi, akkumulyatorning yonishi bilan bog‘liq noxush holatlarni bartaraf qiladi. Patent 2015 yilning noyabrida, Samsung Galaxy Note 7’ning hamda smartfonlarning akkumulyatorlari bilan kuzatilgan ommaviy yonib ketishlardan ancha oldin olingan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!