ASUS bitta quvvat bilan 20 soat ishlay oladigan yupqa noutbuk taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  1995
  •  30.08.2018 13:27

ASUS bitta quvvat bilan 20 soat ishlay oladigan yupqa noutbuk taqdim etdi

IFA 2018 ko‘rgazmasining ochilishi oldidan ko‘plab kompaniyalar o‘zlarining yangi gadjetlarini namoyish etishmoqda. Jumladan, kuni kecha Acer betakror o‘yinbop transformerini ko‘rsatgandi.

O‘QING: Acer geymerlar uchun g‘ayrioddiy noutbuk-transformer ishlab chiqdi (+video)

ASUS kompaniyasi esa premial toifaga mansub ZenBook S noutbukining yangilangan talqinini (UX391FA model raqamli) rasman taqdim qildi.

Ushbu modelda sakkizinchi avlod – Whiskey Lake deb nomlanuvchi Intel Core mobil protsessori qo‘llangani bois noutbukning ishlash samaradorligi 10 foizga oshgan. Shuningdek, uning avtonomligi – bitta quvvat bilan uzluksiz ishlash davomiyligi ham naq 20 soatga yetgan. Uning avvalgi «ajdod»ida esa mazkur ko‘rsatkich 13,5 soatga teng edi.

Yangi avlod ZenBook S noutbukining qalinligi 12,9 millimetrga, vazni esa, garchi korpusi metalldan bo‘lsa ham, 1 kilogrammga teng. Undagi ErgoLift deb nomlangan aylanuvchi qismi qopqoqni ochganda avtomatik ravishda klaviaturani 5,5 darajali burchak ostida ko‘taradi. Buning natijasida matn terish qulaylashishidan tashqari, pastki panelning sovitilishi hamda audiotizimning tovush yangratishi ham yaxshilanadi.

ZenBook S diagonaliga 13,3 dyuymlik sensor displey bilan ta’minlangan, uning tasvir aniqligi esa noutbuk modifikatsiyasiga qarab 4K UHD (3840x2160) yoki Full HD (1920x1080) formatida. Shuningdek, protsessori ham sakkizinchi avlod Intel Core i7-8565U yoki i5-i5-8265U modelli, tezkor xotirasi 8 yoki 16 gigabaytli, doimiy xotirasi esa 1 terabaytgacha boradi.

ZenBook S naq uchta USB Type-C portiga ega bo‘lib, ulardan ikitasi Thunderbolt 3’ni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, quloqchinlar uchun 3,5 millimetrlik audiotirqish ham bor. Noutbukning klaviaturasi ichidan yoritiladi, tachpadiga esa barmoq izi skaneri joriy etilgan.

Yangilangan ZenBook S narxi va savdoga chiqarilish vaqti hozircha noma’lum. Boshqa rusumlardagi ayrim noutbuklarni esa terashop.uz onlayn do‘konimizdan rasmiy kafolat bilan sotib olishingiz mumkin. Bunda to‘lov usullari sizga qulayligi hamda xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab yetkazib berilishi ham e’tiborga loyiq.

O‘QING: Asus Zenbook UX305: O‘zbekistonda talab yuqori bo‘lgan noutbuk