ASUS metall korpusli romsiz smartfon taqdim etdi – old paneli deyarli butkul ekrandan iborat!

  •   DiMaX
  •  2196
  •  03.11.2017 12:13

ASUS metall korpusli romsiz smartfon taqdim etdi – old paneli deyarli butkul ekrandan iborat!

Tayvanning ASUS kompaniyasi Xitoyda o‘zining romsiz dizaynga ega Pegasus 4S smartfonini taqdim etdi. Bu xususda GizChina nashri xabar bergan.

Bu – metall korpusga mahkamlangan, displeyi old panelini deyarli butunlay qoplab olgan, hamyonbop turkumga mansub mobil qurilmadir. Gadjetning orqa panelida esa qo‘shaloq kamera hamda barmoq izi skaneri o‘rin olgan.

Pegasus 4S modelining displeyi tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda bo‘lib, 5,7 dyuymlik diagonalga, HD+ sifatga (720x1440 pikselli) ega. Uning avtofokus hamda chaqnoqqa ega asosiy kamerasi ikkita – 16+8 megapikselli modullardan iborat. Selfi uchun esa ekranning tepasida 8 megapikselli kamera ajratilgan. Devaysning «yuragi» – 1.4 gigagerslik takst chastotasida ishlovchi, sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 435 protsessoridir. Qurilmaning tezkor xotirasi  3 yoki 4 gigabayt, doimiy flesh-xotirasi esa 32 yoki 64 gigabayt hajmga ega.

Tayvanlik ushbu smartfonsozning mazkur modeli 4030 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega. U Android 7.1.1 Nougat operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlaydi. Ikkita SIM-karta, LTE hamda VoLTE texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Pegasus 4S o‘lchamlari 152,6x7267x8,8 millimetrga, vazni esa 160 grammga teng. U tezkor quvvatlash uchun USB-C porti bilan ham jihozlangan.

Eslatib o‘tamiz, ASUS – Tayvanda joylashgan kompaniya bo‘lib, kompyuter texnikasi va ehtiyot qismlari, kommunikatsion jihozlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniyaga 1989 yilda asos solingan. U shaxsiy kompyuter ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi eng yirik kompaniyalardan biridir. ASUS markasi nomi Pegasus so‘zidan olingan.

O‘QING: Axborot texnologiyalari sohasidagi eng mashhur brendlar ma’nosi

Pegasus 4S shu oydayoq sotuvga chiqarilishi aytilmoqda, ammo narxi hozircha ma’lum qilinmagan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!