Bu flagman smartfon sotuvga chiqiboq 200 dollarga arzonlashdi!

  •   DiMaX
  •  1171
  •  24.10.2020 10:24

Bu flagman smartfon sotuvga chiqiboq 200 dollarga arzonlashdi!

Microsoft shu yilning avgustida qo‘sh ekranli Surface Duo smartfonini rasman namoyish etgan edi. Bu – mazkur korporatsiya 2016 yili Nokia mobil biznesini sotib olganidan buyon chiqargan birinchi Android-smartfondir.

O‘QING: Video: Microsoft o‘zining ilk Android-smartfonini ishlatib ko‘rsatdi!

Garchi boshqa kompaniyalarning buklamafonlaridagi singari qayishqoq displeyga emas, balki alohida-alohida ikkita ekranga ega bo‘lsa-da, Microsoft bu smartfoniga ancha yuqori narx belgilagan edi. Lekin yaqindagina Surface Duo sotuvga chiqqach, uning nuqsonlari ko‘rina boshladi.

Jumladan, qurilma korpusi USB-C porti atroflarida chatnashlar yuzaga kelgan, smartfon ba’zida mobil aloqa signalini yaxshi qabul qilmaydi, internetga ulanishda tezligi pasayib ketadi. Bulardan tashqari, Surface Duo akkumulyatori hatto smartfondan faol foydalanmaganda ham shishib ketayotgani aniqlangan.

Yuqoridagi kabi holatlarni inobatga olib, Microsoft ushbu buklamafonini arzonlashtirishga majbur bo‘ldi. Uning tezkor va ichki xotirasi tegishlicha 6 hamda 128 gigabaytlik varianti dastlab 1400 dollarga baholangan bo‘lsa, endi uni 1200 dollarga olish mumkin. 6/256 gigabaytlik Surface Duo narxi ham 200 dollarga pasaytirilgan – 1500 dollardan 1300 dollargacha tushirilgan.

Bundan tashqari, Microsoft ushbu gadjeti uchun 199 dollar evaziga qo‘shimcha kafolat rasmiylashtirishni taklif etmoqda. Bunda naq ikki yil mobaynida smartfondagi barcha mexanik va tasodifiy shikastlarni ishlab chiqaruvchi o‘z hisobidan ta’mirlab beradi.

O‘QING: Bill Geyts butun dunyoda koronavirusdan qutulishning yagona yo‘lini aytdi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!